Oltin fyucherslari narxi tarixiy maksimumni yangiladi, bu Comex birjasi (Nyu-York tovar birjasining bo‘linmasi) ma’lumotlaridan kelib chiqadi.
Bir unsiya narxi birinchi marta $2900dan oshdi, soat 15:30da qimmatbaho metall narxi bir unsiya uchun $2901,41ni tashkil qilgan, keyinchalik narx pasaydi.
Kotirovkalarning oshishiga Xitoy Amerika tovarlariga javob bojlari e’lon qilganidan keyin xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talab sabab bo‘ldi, deb yozadi “Reuters”.
AQSh prezidenti Donald Tramp fevral oyi boshida Xitoyning barcha mahsulotlariga 10%lik boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.
Xitoy Trampga AQShdan neft, suyultirilgan gaz va ko‘mirga bojlar bilan javob qaytardi. Pekin, shuningdek, tarkibida volfram, tellur, ruteniy, molibden bo‘lgan materiallar eksporti nazoratini joriy qildi, shuningdek, bir nechta kompaniyalarni ishonchsiz reestrga kiritdi.
5-fevral kuni oltin quymalar narxi yana rekord darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Bir gramm oltin 1 mln 222 ming 7300 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik quyma 6 mln 114 ming so‘mdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 6 mln 114 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 12 mln 227 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 24 mln 455 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 61 mln 137 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 122 mln 273 ming so‘mni tashkil qiladi.
Avvalroq Shveysariyaning “UBS Group” investitsiya banki tahlilchilarining prognozlariga ko‘ra, 2025-yil oxiriga kelib oltinning bir troya unsiyasi $2900ga yetishi haqida xabar bergandi.
Ularning fikricha, bu geosiyosiy xatarlar fonida markaziy banklarning xaridlari va investorlarning qimmatbaho metallga qiziqishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Kelgusi ikki yil ichida oltin narxining oshishi AQSh Kongressida Respublikachilar partiyasining ustunligini, investorlarning sarmoyalarni diversifikatsiya qilishga bo‘lgan yuqori qiziqishini va global noaniqlikning yuqori darajasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan tashqari, makroiqtisodiy o‘zgaruvchanlik va geosiyosiy xatarlar fonida markaziy banklarning xaridlari va oltinga strategik investitsiyalar qimmatbaho metall narxiga ta’sir qiladi.
Buning natijasida “UBS” tahlilchilari 2026-yil oxiriga kelib oltin unsiyasi $2950gacha qimmatlashishini kutmoqda.
“Goldman Sachs” tahlilchilari, o‘z navbatida, oltin narxining keyingi yil oxirigacha $3000gacha qimmatlashishini bashorat qilmoqda.
Shuningdek, ular bunga markaziy banklarning xaridlari va Federal zaxira tizimi foiz stavkalarining pasayishi ta’sir ko‘rsatishini kutmoqda.
Bundan tashqari, “Goldman Sachs” Trampning Xitoydan tovarlar importiga 60%lik boj joriy etish rejasi oltinni spekulyativ sotib olishga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.