“Google” kompaniyasining yangilangan sun’iy intellekt axloq siyosati qurol va kuzatuv tizimlarini ishlab chiqishda texnologiyadan foydalanmaslik haqidagi va’dasini bekor qiladi. Bu haqda “CNN” nashri ma’lum qildi.

“CNN” “Wayback Machine” internet arxivida ko‘rgan tamoyillarning oldingi versiyasida kompaniya o‘zi qo‘llamaydigan ilovalar ro‘yxatini kiritgan edi.

Bunday toifalardan biri odamlarga zarar yetkazishga mo‘ljallangan qurol yoki boshqa texnologiyalar edi. Boshqasi esa xalqaro me’yorlardan tashqari kuzatuvlar uchun ishlatiladigan texnologiya edi. Yangilangan tamoyillar sahifasida bu matn endi mavjud emas.

Nashrning qayd etishicha, “OpenAI” 2022-yilda “ChatGPT” chat-botini ishga tushirganidan beri sun’iy intellekt poygasi bosh aylantiradigan tezlikda rivojlanib ketdi.

Sun’iy intellekt shiddat bilan ommalashib borayotgan bo‘lsa-da, uning qonunchiligi, shaffoflik va axloqiy me’yorlari hali ortda qolmoqda. Endi esa, “Google” o‘zi belgilagan cheklovlarni yumshatganga o‘xshaydi.

Seshanba kungi blog xabarida tadqiqotlar, laboratoriyalar, texnologiyalar va jamiyat bo‘yicha katta vitse-prezident Jeyms Maneyka hamda “Google DeepMind” rahbari Demis Xassabis demokratik mamlakatlar tomonidan e’lon qilingan sun’iy intellekt asoslari “Google"ning sun’iy intellekt imkoniyatlari va xatarlarini tushunishini chuqurlashtirgani haqida ma’lum qildi.

“Tobora murakkablashib borayotgan geosiyosiy vaziyat sharoitida sun’iy intellekt sohasida yetakchilik uchun global raqobat kechmoqda. Bizning fikrimizcha, demokratik davlatlar erkinlik, tenglik va inson huquqlariga hurmat kabi asosiy qadriyatlarga tayanib, sun’iy intellektni rivojlantirishda peshqadam bo‘lishi lozim”, deyiladi xabarda.

“Google” o‘zining sun’iy intellekt tamoyillarini dastlab 2018-yilda, ya’ni texnologiya deyarli hamma joyda keng tarqalishidan bir necha yil oldin e’lon qilgan edi.

2018-yilda “Google” Pentagonning bulutli hisoblash bo‘yicha $10 mlrdlik shartnomasidan voz kechib, o‘sha paytda “biz bu shartnomaning sun’iy intellekt tamoyillarimizga mos kelishiga ishonch hosil qila olmaymiz” degan edi.

O‘sha yili 4000dan ortiq xodim “Google ham, uning pudratchilari ham hech qachon harbiy texnologiyalar ishlab chiqarmasligi to‘g‘risidagi aniq siyosat” talab qilingan murojatnomaga imzo qo‘ygan va o‘nlab xodimlar norozilik belgisi sifatida ishdan bo‘shagan edi.