Qirg‘iziston Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi kartoshka eksportiga vaqtinchalik cheklov kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “24kg” nashri xabar berdi.

Bunday choralar ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxining sun’iy oshishiga yo‘l qo‘ymaslik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini berishi ta’kidlandi.

Qirg‘iziston suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Baxit Toroboyev davlat idoralari, prezidentning viloyatlardagi vakillari hamda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga oziq-ovqat mahsulotlari narxini sinchkovlik bilan nazorat qilib borish vazifasini yukladi.

Jogorku Kenesh yig‘ilishida deputat Eldar Abakirov Bishkekda kartoshka narxi bir kilogramm uchun 60−65 somgacha ko‘tarilganini ma’lum qildi.

“Bizda kartoshka katta hududlarda — Issiqko‘l viloyati, Oloy, Chon-Oloy, Qo‘chqorda yetishtiriladi. Fermerlar uchun xursandmiz, lekin aholi uchun 65 som qimmat. Bir qop un 1 ming 700 som bo‘lsa, bir qop kartoshka 2,5−3 ming som,” — dedi u.

Qozog‘iston hukumati yanvar oyida YOII davlatlaridan tashqari uchinchi mamlakatlarga kartoshka eksportini olti oyga taqiqlagan edi.

Ushbu qaror qo‘shni davlatlar, ayniqsa O‘zbekiston tomonidan kuchli talab tufayli ichki bozorda kartoshka narxi keskin ko‘tarilgani sababli, narxlarni barqarorlashtirish maqsadida qabul qilindi.

O‘zbekistonda Qishloq xo‘jaligi Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston kartoshka eksportiga cheklov qo‘ygani sabab kartoshka narxi oshishi mumkinligi yuzasidan tarqalayotgan xabarlar yuzasidan vazirligi rasmiy munosabat bildirgandi.

Vazirlikning qayd etishicha, O‘zbekistonga kartoshka importi faqat Qozog‘istonga bog‘lanib qolmagan.

Mamlakatga ayni paytda qo‘shni Qozog‘istondan tashqari Pokiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondan ham kartoshka import qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, Eron va Pokiston bilan erishilgan kelishuvga muvofiq, 2025-yil yanvar-may oylarida jami 200 ming tonna kartoshka yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida yetishtirilayotgan kartoshka hosili mart oyining ikkinchi yarmi va aprel oylarida to‘liq mamlakat bozorlariga chiqariladi: