Shavkat Mirziyoyev Malayziyaga rasmiy tashrif doirasida mamlakat bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan Kuala-Lumpurda qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda mamlakatlar geografik jihatdan bir-biridan olis bo‘lishiga qaramay, transport va logistika imkoniyatlari kengayib borayotgani qayd etildi. Muzokaralarda mavjud zaxiralar tahlil qilinib, sheriklikning yangi “o‘sish nuqtalari” belgilab olindi.
Tovar ayirboshlash hajmini karrasiga oshirish, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, o‘zaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Qo‘shma loyihalarning salmoqli portfeli shakllantirildi, Sanoat kooperatsiyasi dasturi ishlab chiqildi.
Davlat rahbari O‘zbekiston-Malayziya ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Bular qatorida elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoatida uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirish asosiy o‘rinda turadi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, ma’lumot markazlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Gaz-kimyo va kimyo sanoati muhim yo‘nalish hisoblanadi. Polimerlar, “yashil” vodorod va ammiak ishlab chiqarish bo‘yicha strategik loyihalarni tayyorlash ustida ish olib borilmoqda.
Prezident Malayziya kompaniyalarini mamlakat hududlarida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari qayd etildi. Yangi klinikalar qurish, Malayziya tajribasi asosida innovatsion farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish shular jumlasidan.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, “aqlli” qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, organik mahsulotlar ishlab chiqarish va “halol” standartlarini qo‘llash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Davlat rahbari Malayziya kompaniya va banklarini O‘zbekistonning telekommunikatsiya, energetika, bank-moliya va boshqa sohalardagi davlat aktivlarini xususiylashtirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Bundan tashqari, geologiya, ta’lim, transport, ziyorat turizmi kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Prezident malayziyalik ishbilarmonlarning qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqishi katta ekanini, ular texnologiyalar va bilimlar bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini qayd etdi. Davlat rahbari navbatdagi qo‘shma biznes forumini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.
Avvalroq Toshkent viloyatida Malayziya kompaniyasi boshqaruvida yangi maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.