Samarqand noni geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ro‘yxatga olish ishlari joriy yilning 4-fevral kuni vazirlikning Samarqand viloyat boshqarmasi hamda “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi tomonidan amalga oshirildi.

Adliya vaziri Akbar Toshqulov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevga “Samarqand noni” geografik ko‘rsatkich hujjatini topshirdi.

“Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida"gi qonun bilan tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etiladi. Unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.

2023-yilning avgust oyida “G‘ijduvon shashlik” geografik ko‘rsatkich sifatida vazirlik tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.

Avvalroq “Xonsaroy” belgisidan foydalangan to‘yxona 37,5 mln so‘m jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.