Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni Kuala-Lumpurda Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yetakchilar ikki tomonlama sheriklikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. 2024-yilda O‘zbekiston-Malayziya hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi, Ishbilarmonlar kengashi tuzilishi qayd etildi.

Mirziyoyev va Ibrohim tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida imtiyozli savdo bitimini ishlab chiqishga, shuningdek, sanoat hamkorligi dasturini qabul qilishga va o‘zaro sanoat ko‘rgazmalarini tashkil etishga kelishib oldilar.

Malayziya tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasida qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bundan tashqari, tomonlar 2025−2026 yillarni ikki mamlakat hamkorligidagi innovatsion rivojlanish davri deb e’lon qildilar.

Iqtisodiy hamkorlikning yangi modelining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Bular — neft-kimyo va kimyo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoati, innovatsion sanoat, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika, ziyorat turizmi va boshqalar.

Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.

Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar. Joriy yilda O‘zbekiston va Malayziyada madaniyat haftaliklari o‘tkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev va Anvar Ibrohim tomonidan Strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolandi.

Shuningdek, quyidagi hujjatlar qabul qilindi:

  • Mahsulotlarning “halol” standartlariga muvofiqligini baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Bojxona ishida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida bitim;
  • Oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Sud-ekspertlik faoliyati sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Akademik-diplomatik hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • “Aqlli” shaharlarni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • 2025−2026-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma reja.

Avvalroq “Spot” Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda AYQShlar tarmog‘ini qurishi haqida yozgandi.

Shu bilan birga, “Five Petroleum” mamlakat hududlarida transport-logistika infratuzilmasini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.