31-yanvar kuni qabul qilingan qaror bilan O‘zbekiston hukumati 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini (TIF TN 8703 80) oshirishni tasdiqladi.

Bunda tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga faqat elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari kiradi. Gibrid avtomobillar esa bundan mustasno

Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi ularning ishlab chiqarilgan yiliga qarab, quyidagicha farqlanadi:

  • uch yildan kam bo‘lsa — BHMning 120 baravari (45 mln so‘m);
  • uch yildan ortiq bo‘lsa — BHMning 210 baravari (78,75 mln so‘m).

Hukumat 2020-yilning 1-avgustidan ayrim transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imini joriy qilgan. Amalda uch yildan kam bo‘lgan elektromobillar uchun yig‘im BHMning 30 baravarini (4 baravarga oshmoqda), uch yildan ortiq bo‘lganlari uchun esa BHMning 90 baravarini (2,3 baravarga) tashkil etadi.

Utilizatsiya yig‘imini oshirishdan maqsad “yashil” texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, elektromobillarning yaroqsiz batareyalarini atrof-muhitga keskin zarar yetkazmagan holda utilizatsiya qilishni ta’minlash hamda sohada mahalliylashtirish ishlarini yanada jadallashtirishga qaratilgan.

Mamlakatda ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar import qilinadigan butlovchi qismlar (mashinalar to‘plami), xomashyo va materiallar, asbob-uskunalar hamda texnologik jihozlar uchun utilizatsiya yig‘imi va bojxona bojidan 2030-yilgacha ozod etilgan.

Shuningdek, ishlab chiqaruvchilarga jarayonning to‘liq siklini o‘zlashtirgunga qadar (realizatsiya qilingan paytdan boshlab 24 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda) yirik uzelli yig‘ish (SKD) uchun mashinalar to‘plami yoki tayyor holda (CBU) tashkil etilayotgan ishlab chiqarish quvvatining 50%i gacha, biroq yiliga 10 ming donadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda boj va utilizatsiya yig‘imini to‘lamasdan olib kirishga ruxsat beriladi.

“Monopol-korrupsion uya yaratish”

Iqtisodchi Yuliy Yusupov “Spot"ga bergan izohida elektromobillarni utilizatsiya qilish xarajatlari nima sabab keskin oshirilgani va hukumat nima uchun birdaniga stavkalarni bir necha barobarga ko‘tarishga qaror qilgani haqidagi savolni o‘rtaga tashladi.

“Bu, albatta, shaklan bo‘lmasa-da, mohiyatan soliq. Nafaqat soliq, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilar undan ozod qilinganligi sababli import qilishda to‘lanadigan bojxona to‘lovining bir turi. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar nafaqat utilizatsiya yig‘imidan, balki butlovchi qismlar uchun boj to‘lovlaridan ham ozod qilingan. Gap proteksionizm va „mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish“ haqida ketmoqda”, — dedi u.

Yusupov O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni yoki boshqa sabablar, jumladan, ekologik omillar tufayli hukumat elektromobillarga import bojlarini o‘rnatishni xohlamagan, degan fikrda. Natijada utilizatsiya yig‘imini oshirishga qaror qilingan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, utilizatsiya yig‘imining keskin oshirilishi JST tamoyillari va qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi, chunki ushbu soliq bozorning barcha ishtirokchilariga ham bir xil qo‘llanilmaydi.

“Oshirilgan soliq (utilizatsiya yig‘imi — „Spot“ izohi) faqat import avtomobillariga qo‘llanilsa, bu, albatta, JST tamoyillariga zid. Biz har doimgidek unga qo‘shilishni istaymiz, lekin hech narsani o‘zgartirmaymiz va o‘z proteksionistik siyosatimizni davom ettiraveramiz”, — deya tushuntirdi Yusupov.

Elektromobillar importi bilan bog‘liq boshqa cheklov choralarini joriy etish imkoniyati haqidagi savolga iqtisodchi hukumat boshqa proteksionistik choralarni, jumladan, notarif cheklovlarni ham o‘ylab topishi mumkinligini qayd etdi. Shu bilan birga, “mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish” maqsadi ortida, uning fikricha, “monopol-korrupsion uya yaratish” istagi yotadi.

“O‘z oyog‘iga bolta urish”

Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining “Telegram"-kanalida gaz yo‘qligi va benzin taqchilligi fonida qabul qilingan qarorni “ikkiyuzlamachilik va zararkunanda harakatlar” deb atadi. Uning fikricha, 2024-yilda boshlangan notarif cheklovlariga “navbatdagi o‘lpon-tovon” qo‘shilmoqda.

“Bu „BYD Uzbekistan uchun“ navbatdagi sovg‘a. Nima deb oqlashlaridan qat’i nazar, utilizatsiya yig‘imining 4 karra oshirilishi O‘zbekistonda elektromobil olib kelib sotuvchi chayqovchiga aylangan (laqabi mahalliylashtiruvchi) „BYD Uzbekistan“ manfaatlariga ishlaydi”, — deb yozadi u.

Bakirovning ta’kidlashicha, “BYD Uzbekistan Factory” va “BYD Central Asia” maxsus imtiyozga ega bo‘lib, ular elektromobillar sotuvida utilizatsiya yig‘imidan ozod qilingan. Uning qo‘shimcha qilishicha, mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi “Uzauto Motors” ham “yashirin qarorlar” bilan utilizatsiya yig‘imini to‘lamaydi.

Uning fikricha, utilizatsiya yig‘imini oshirish O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi e’lon qilingan va jarayon faol darajaga chiqqan bir vaqtda “g‘irt ikkiyuzlamachi qadam” bo‘lib, “qandaydir tor to‘dalar” uchun mamlakatning strategik tanlovi va imijini so‘roq ostiga qo‘yadi, deya ta’kidladi iqtisodchi.

“5 yildan beri undirilayotgan utilizatsiya yig‘imi qayerga ketyapti? Buni hech kim bilmaydi. Importni cheklash uchun 2020-yilda joriy qilingan utilizatsiya yig‘imi qayerga, qaysi cho‘ntakka tushyapti, kim taqsimlayapti, nimaga ishlatilyapti, hech kim bilmaydi. Budjetda utilizatsiya yig‘imidan tushumlar ham, xarajatlar ham biron marta ochiqlanmagan. Xalq tugul, parlament oldida ham. Ya’ni bu utilizatsiya yig‘imi soliq emas (soliqlarni parlament joriy qiladi), qip-qizil o‘lpon”, — dedi Bakirov.

Bundan tashqari, iqtisodchi hukumat qarori ijrosi uchun JSTga a’zo bo‘lish jarayonini nazorat qiluvchi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev mas’ul etib tayinlanganiga e’tibor qaratdi. U tashkilotga kirish bo‘yicha muzokaralarda importni cheklash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilinganini, oshirilganini, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar berilganini hamkorlarga qanday tushuntirishi mumkinligini so‘ramoqda.

Bakirov hukumatning utilizatsiya yig‘imini oshirish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishga chaqirib, buni “uch harfli ajdarho"lar raqobatbardosh bo‘la olmasligi va “yangi-yangi taqiqlar"ni talab qilishi bilan izohladi. “O‘z oyog‘ingizga bolta urish"dan boshqa natija bermaydi, deya xulosa qildi iqtisodchi.

Avvalroq 2025-yilda Toshkentdan Andijon va Samarqandgacha bo‘lgan pullik avtomobil yo‘llarining qurilishi boshlanishi haqida xabar berilgandi.