Mehnat migrantlari uchun rus tili imtihonlarini O‘zbekistonda topshirish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik va Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasining Rossiyaga tashrifi toirasida Moskva shahar meriyasi rahbariyatining o‘rinbosari Mariya Bagreyeva va Moskva viloyatidagi “Saxarova” migratsiya markazi mas’ullari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Unda Rossiyada vaqtincha ishlamoqchi bo‘layotgan O‘zbekiston fuqarolariga yashash va ishlash uchun ruxsatnoma (patent) rasmiylashtirish jarayonlarini yengillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, “Saxarova” markazining Toshkentdagi filiali faoliyatini takomillashtirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Tomonlar hamkorlikda patent olishda zarur bo‘lgan rus tili imtihonini filialda ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mexanizm ishlab chiqishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasida agentlik direktori Behzod Musayev Rossiyadagi 20 ga yaqin yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot yakunida “Ant Yapi”, “Ozon Komyuniti”, “Pek” va “Spar Midl Volga” kompaniyalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Kelishuv asosida 7 ming nafar fuqaro mazkur kompaniyalarga tashkiliy tarzda ishga joylashtiriladi.

Agentlikning qayd etishicha, bu kompaniyalarning ishchilarga yaratgan sharoitlari va oylik maoshlari to‘liq o‘rganib chiqilgan.

Fevral oyida hududlarda nomzodlarni saralash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan, bu bo‘yicha agentlik ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.

Avvalroq 5-fevraldan Rossiyada migrantlar uchun bir qator cheklovlar kuchga kirishi haqida xabar berilgandi. Ular orasida nazorat rejimi, kirish qoidalarini buzganlik va noqonuniy migrantlarga xizmat ko‘rsatganlik uchun jarimalar hamda istalmagan shaxs maqomi kabilar bor.