Avvalroq 5-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekiston va Malayziya iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishini, muloqotlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish yo‘nalishlari belgilanib olganini qayd etdi.

Vazirning qayd etishicha, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sohasidagi hamkorlik “alohida ahamiyatga ega”. O‘zbekiston ulkan kimyoviy mineral resurslarga ega bo‘lib, bu yarimo‘tkazgichlar uchun muhim komponentlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

“Malayziyaning uchta yetakchi kompaniyasi bilan kelishuvlarimiz bor, bu yuqori sifatli monokristall va polikristall kremniy hamda ultra toza grafit ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishni nazarda tutadi. Ikkinchisi nafaqat yarimo‘tkazgichlar sanoatida, balki yadro energetikasida, kosmik sohada ham qo‘llaniladi”, — dedi vazir.

Laziz Qudratov Malayziya kompaniyalari bilan hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyoti va mahalliy korxonalarni yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, Malayziya kompaniyalari nafaqat nazariy, balki amaliy mashg‘ulotlarni ham o‘z ichiga olgan yarimo‘tkazgichlar sohasida o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha alohida dasturni ishga tushiradi.

“Ikkinchi muhim yo‘nalish — bu kimyo sanoati. Malayziyaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda qurilish materiallari, bo‘yoq va farmatsevtika mahsulotlari uchun muhim bo‘lgan nozik kimyoviy komponentlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi korxonalar tashkil etyapmiz, yangi ishbilarmonlik tashabbuslarini boshlayapmiz. Malayziya o‘z texnologiyalarini taklif etmoqda, mamlakatimizga investitsiya kiritishga tayyor”, — dedi Qudratov.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Malayziya loyihalar ijrosini onlayn kuzatib borish imkonini beruvchi qo‘shma platforma yaratishni rejalashtirmoqda. Har chorakda ikki davlat rahbarlariga loyihalarning amaliy ijrosi bo‘yicha hisobotlar berib boriladi.

Avvalroq Malayziyaning “Meraque” kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida dron ishlab chiqarilishi haqida xabar berilgandi.