3-fevral kuni nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalarni kunduzgi parvarish qilish xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bunda xizmat 1-martdan tajriba tariqasida Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida, 1-oktabrgacha esa barcha hududlarda yo‘lga qo‘yiladi.

Uning doirasida nogironligi bo‘lgan bolalar ularning ota-onalari yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslar va “Inson” markazlari o‘rtasida ijtimoiy shartnoma, shuningdek, Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan berilgan xulosa asosida qabul qilinadi.

Kunduzgi parvarish xizmatlarini tashkil etuvchi tadbirkorlarga har bir kun uchun subsidiya beriladi. Uning miqdori 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun BHMning 25%i (93 750 so‘m), 7−18 yosh uchun esa BHMning 27%ini (101 250 so‘m) tashkil etadi.

Viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdoriga 1,1 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi: 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bola uchun — 103 125 so‘m, 7−18 yosh uchun — 111 375 so‘m.

Shu bilan birga, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilganlarning nogironligi bo‘lgan har bir bolasi uchun subsidiyaning 30%i miqdorida qo‘shimcha mablag‘ to‘lanadi.

Xizmat tashkil etilgan joydan 3 km uzoqlikda yashovchi bolalarni tashish uchun transport xizmati yo‘lga qo‘yilganda, tarbiyalanuvchining mazkur xizmatga amalda qatnagan kunlaridan kelib chiqib, bir oy uchun BHMning 75%i (281 250 so‘m) gacha kompensatsiya to‘lanadi.

Shuningdek, DXSh doirasida 2027-yilning 1-iyuligacha kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etgan tadbirkorlarga mebel va inventarlar xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Mablag‘lar Markaziy bank asosiy stavkasi bo‘yicha beriladi.

1-martgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya"da “Kunduzgi parvarish xizmatini boshqarish” axborot moduli va uning mobil ilovasi yaratiladi. Unda shaxsni biometrik identifikatsiyalash texnologiyasi orqali tarbiyalanuvchilarning davomatini yuritish hamda uning asosida subsidiyalar miqdorini avtomatik hisoblash mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, joriy yilning 1-sentabrigacha “Bolalar salomatligi” axborot tizimi joriy etiladi. Tizim bolalar rivojlanishida kuzatiladigan nuqsonlarni erta aniqlash, kompleks ijtimoiy-tibbiy yordam bilan o‘z vaqtida qamrab olish va bolalarda nogironlikni oldini olish, shuningdek nogironligi bo‘lgan bolalarning muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Avvalroq nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1%ga pasaytirilishi haqida xabar berilgandi. Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va ko‘zi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajatiga 50 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.