Malayziya kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida dron ishlab chiqariladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hamda tuman rahbarlari va klasterlardan iborat delegatsiyaning Malayziyaga safari doirasida mamlakat kompaniyalari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tomonlar aqlli qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va dronlar ishlab chiqarish, sholichilik, baliqchilik, kauchuk yetishtirish, meva-sabzavot va ipak mahsulotlarini eksport qilish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik ishlarini boshlashga kelishib oldi.
Xususan, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida “aqlli” qishloq xo‘jaligi texnikalari va dronlar mahalliylashtirilib, ularni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu bo‘yicha “Meraque” kompaniyasi bilan kelishuv imzolandi.
Bundan tashqari, Malayziya Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlarini rivojlantirish instituti va vazirlik huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazi bilan sholichilik bo‘yicha hamkorlik qilinadi.
Xususan, tomonlar o‘rtasida imzolangan kelishuv bilan malayziyalik seleksioner olimlar tomonidan yaratilgan sho‘rga va suvsizlikka chidamli, qora, uzun hamda aromatik sholi navlarini O‘zbekistonda tajriba tarzida ekib ko‘paytirish uchun urug‘lar olib kelinadi. “Devzira” sholi urug‘lari esa Malayziyaga jo‘natiladi.
Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligining Baliqchilik departamenti hamda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi hamkorligida Malayziya texnologiyalari asosida intensiv baliqchilik yo‘lga qo‘yiladi va bioflok hamda krivetka yetishtiriladi.
Mamlakat Qishloq xo‘jaligi marketing agentligi bilan O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot va ipak mahsulotlari eksport qilinadi. Jakim tashkiloti bilan fermerlar va tadbirkorlar uchun “Halol” sertifikati olish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etishga kelishildi.
2024-yilning sentabrida “Meraque Group” bilan mamlakatda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan loyihalarni amalga oshirishga kelishilgandi. Kompaniya kelgusi uch yilda O‘zbekistonda 1000 ta ish o‘rni yaratish va 100 ming gektar qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi korxona ochishga 20 mln Malayziya ringgiti (taxminan $4,78 mln) miqdorida investitsiya kirish istagini bildirgan.
Avvalroq O‘zbekistonda dronlarni boshqarish bo‘yicha “ATM: Safe Sky” tizimi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. Uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish uchun ruxsatnomalarni mobil ilova orqali olish mumkin.