Uchta xorijiy aviakompaniyaga O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berildi. Bu haqda “O‘zaviatsiya” agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, 3-fevral kuni Malayziyaning “Air Asia X Berhad” kompaniyasiga Kuala-Lumpur-Toshkent-Kuala-Lumpur yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarini amalga oshirish ruxsatnomasi rasmiylashtirib berildi.

Shu kuni Janubiy Koreyaning “T'way Air” aviakompaniyasiga ham Seul-Toshkent- Seul yo‘nalishi bo‘yicha aviareyslar uchun ruxsatnoma taqdim etildi.

Har ikkala aviakompaniya belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam parvozlari A330 havo kemasida amalga oshiriladi.

Shuningdek, agentlik 4-fevral kuni Misrning “Red Sea Airlines” kompaniyasiga ham ruxsatnoma berdi. Unga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi havo qatnovi Sharm-esh-Sheyx-Toshkent-Sharm-esh-Sheyx yo‘nalishida olib boriladi.

Aviakompaniyalar haqida

Air Asia X Berhad” — 2006-yilda tashkil etilgan Malayziyaning “AirAsia” loukoster tashuvchisi tarkibiga kiradi. COVID-19 pandemiyasidan so‘ng Afrika va Markaziy Osiyo bozorlariga e’tibor qaratib, Olmaota va Nayrobiga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.

Janubiy Koreyaning “T’way Air” aviakompaniyasi 2010-yilda tashkil etilgan. U ham loukoster modelida tashishga ixtisoslashgan. Kompaniya Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Avstraliya va Yevropa shaharlariga parvozlarni amalga oshiradi.

Misrning “Red Sea Airlines” kompaniyasi 2021-yilda mamlakatning sayyohlik markazlariga charter tashuvlari uchun tashkil etilgan.

Avvalroq “Uzbekistan Airways” 5ta yangi samolyot olib kelishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulovning ma’lum qilishicha, yangi samolyotlar bahorda olib kelinishi kutilmoqda.