Nozimabonu Sirojiddinova 2002-yil Qashqadaryoda tug‘ilgan. Dastlab Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida tahsil olib, keyin Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejini tamomlagan.
Hozirda Nozimabonu Koreyaning Dongseo universitetining oziq-ovqat va nutritsologiya mutaxassisligida GKS (Global Korea Scholarship) granti asosida ta’lim olmoqda. “Spot” Nozimabonu bilan Koreyadagi hayot, ta’lim jarayoni va GKS granti — uning imkoniyatlari hamda nomzoddan talab etiladigan hujjatlar haqida suhbatlashdi.
Nega Koreya?
Maktabda o‘qiyotganimda koreys filmlari va musiqalari Koreyaga qiziqishimni uyg‘otgan. Shu sababli 8-sinfdan koreys tilini o‘rganishni boshlaganman. Kollej davrimda Koreya grantlari haqida izlanib, kerakli hujjatlarni yig‘ish ustida ish boshladim.
O‘zi bizda oilaviy muhit ham shunday bo‘lgan, ya’ni ota-onam hamma narsadan ko‘proq o‘qishimga e’tibor berishgan. Onam doim bizni yig‘ib, o‘qish va ta’limning ahamiyatini tushuntirardi. Koreyani tanlaganimda ular juda xursand bo‘lishdi. Hatto birinchi koreys tili o‘qituvchimni onam topib bergandi.
Ko‘pchilik koreys tilini bu darajada yaxshi bilishimdan hayron qoladi, oilamizdan kimdir koreys millatiga mansub yoki koreys muhitida katta bo‘lganman, deb o‘ylashadi. Koreya elchixonasi yonida ochilgan Koreya ta’lim markazi bor. Bu yerda bosqichma-bosqich o‘qitib, sertifikat beriladi. Ko‘plab tanishlarim ushbu markazda o‘qib, Koreyaga kelishgan.
Koreyaga hujjat topshirish va tayyorgarlik jarayoni men uchun juda uzoq va murakkab bo‘ldi. Maktab davrida tilni o‘rganishni boshlaganimdan beri har yili Toshkentda o‘tkaziladigan Koreya universitetlari ko‘rgazmalarida qatnashib, grant qo‘lga kiritish uchun nimalar kerakligi, qanday hujjatlar talab qilinishi haqida so‘rab bordim. O‘sha paytlarda GKS granti haqida xabarim bor edi, ammo uning talablari juda murakkab tuyulgan va uni yutish deyarli imkonsiz, deb o‘ylaganman. Oilamni iqtisodiy jihatdan qiynashni istamaganim sababli faqat grantlarga oid ma’lumotlarni izlashni davom ettirdim.
2020-yil diplomni qo‘lga olganimdan keyin ko‘pchilik grantlar uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar talablari biroz o‘zgardi. Masalan, bank hisobida bo‘lishi kerak bo‘lgan mablag‘ muddati uch oylikka uzaytirildi. Men buni qilolmaydigan sharoitda edim, shuning uchun GKSdan boshqa variantim qolmagan.
Kollej davrida va undan keyin “LG”, “Hitachi” kompaniyalarda, keyinchalik Jizzaxdagi “Shingdong” kompaniyasida tarjimon bo‘lib ishlaganman. Shu sababli GKS uchun barcha hujjatlarni shaxsan o‘zim tartibga sola olmadim. Toshkentdagi hujjatlarimni qarindosh akam nazorat qilib, kerakli joylarga yetkazdi. Men esa viloyatdan turib, kompyuterda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarni hal qildim.
Barcha hujjatlarni ikki hafta ichida to‘plab, Koreyaga yubordik. O‘sha paytda hujjatlarning haqiqiy nusxalarini jo‘natish talab etilardi.
Foto: Nozimabonu Sirojiddinovaning shaxsiy arxividan
GKS, hujjat topshirish jarayonlari va grant beradigan imkoniyatlar
GKS — Koreya davlati tomonidan taqdim etiladigan to‘liq grant. Uning miqdori Koreya vonida 1 mlnni (taxminan $686) tashkil qiladi. Agar TOPIKdan 5 yoki 6 olgan bo‘lsangiz stipendiyaga yana 100 ming von (taxminan $68) qo‘shiladi va jami 1,1 mln von beriladi ($755).
O‘zbekiston bo‘yicha ikki nafar talabaga beriladi degan tushuncha mavjud, lekin bu noto‘g‘ri. Elchixona orqali topshirilganda ham yoki universitetlarga bevosita murojaat qilinsa ham, bu ko‘rsatkich ko‘proq bo‘lishi mumkin. Shu sababli men boshqalarga ham o‘ylab o‘tirmasdan hujjat topshirishni tavsiya qilaman.
Grant quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- har oy stipendiya;
- tekin o‘qish va yotoqxona bilan ta’minlash;
- sug‘urta xarajatlarini qoplash;
- Koreyaga kelish va o‘qish tugagandan so‘ng qaytish uchun aviachiptalar;
- TOPIK 5 yoki 6-darajaga ega bo‘lganlarga qo‘shimcha stipendiya;
- vizani oson olish.
Grant ikki turga bo‘linadi:
- Embassy Track (elchixona orqali): Elchixonaga hujjat topshirib, intervyudan o‘tasiz. Bu yo‘nalishda uchta universitetni tanlash imkoniyati mavjud. Elchixona intervyuda ko‘pchilikni qabul qilmaydi, aksariyat talabgorlar shu bosqichda yiqiladi. Lekin bitta bo‘lsa ham universitet sizni tanlasa, grantni yutgan hisoblanasiz. Yo‘nalishni ham o‘zingiz qiziqishingizga qarab tanlaysiz. Ammo raqobat juda kuchli bo‘ladi.
- University Track (universitet orqali): Ushbu yo‘nalishda hujjatlarni bevosita tanlagan universitetga topshirasiz. Raqobat kamroq bo‘lgan yo‘nalishlar uchun ko‘proq imkoniyat yaratiladi. Ammo faqat bir universitetni tanlash va aniq fanlar, texnologiya kabi cheklangan, qiyinroq yo‘nalishlarga topshira olasiz. O‘sha universitet sizni qabul qilsa grant yutasiz. Men to‘g‘ridan-to‘g‘ri universitetga topshirganman. Ikkala holatda ham hujjatlarni haqiqiy nusxalarini topshirish kerak bo‘ladi.
Hujjat topshirishda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- ariza;
- avtobiografiya;
- o‘quv reja;
- tavsiyanoma (2 dona);
- GKS shartlariga rozilik haqida ariza;
- tibbiy ko‘rik natijalari;
- diplom va uning ilovasi (baholar o‘rtacha 80%dan yuqori bo‘lishi kerak);
- fuqarolikni tasdiqlovchi hujjatlar;
- mukofotlar va sertifikatlar (ixtiyoriy);
- TOPIK yoki IELTS sertifikati (ixtiyoriy).
Hujjatlar orasida eng muhimlaridan biri grantga oid rasmiy shaklni to‘ldirib topshirish hisoblanadi. Unda siz tanlagan universitet va yo‘nalish haqida ma’lumot berasiz. Shuningdek, o‘zingiz haqingizda qisqacha yozasiz va kelajakdagi maqsadlaringizni bayon qilasiz. Bundan tashqari, yana bir muhim jihat — jamiyatga qanchalik foyda keltirganingizni ko‘rsatishdir. Agar volontyorlik faoliyatingiz bo‘lsa, tegishli sertifikatlarni taqdim etish tavsiya etiladi. Shuningdek, TOPIK yoki IELTS sertifikati ham grant tanlovida muhim ahamiyat kasb etadi.
Keyingi muhim hujjatlar — tavsiyanomalardir. Tavsiyanomani o‘qiyotgan yoki bitirgan ta’lim muassasangizdan olish mumkin. Agar imkon bo‘lsa, uni kollej direktori yoki koreys tili o‘qituvchingizdan olishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Insho yozishga ham alohida e’tibor berish lozim. Koreya universitetlari sizni kuchli nomzod sifatida ko‘rishi uchun inshoning mazmunli va ta’sirchan bo‘lishi muhim. Unda salbiy tomonlaringizni haddan tashqari bo‘rttirmaslik lozim. Masalan, “Men faqat ikki tilni bilaman” kabi yumshoq va ijobiy yondashuv bilan fikr bildirish tavsiya kerak.
Foto: shaxsiy arxiv
To‘liq grant yutishda e’tibor talab jihatlar. O‘z imkoniyatlaringizni maksimal darajada namoyon qilishingiz talab etiladi. Volontyorlik ishlaridan ko‘proq sertifikatlar to‘plash bu jarayonda katta rol o‘ynaydi. Masalan, men Koreya davlati tomonidan tashkil etilgan festival va musobaqalarda ko‘p ishtirok etganman. Hatto o‘rin olmasam ham qatnashganim uchun sertifikatlar taqdim etilgan. Ularning barchasini grantga topshirganman.
Hujjat topshirayotganda o‘z-o‘zini tanishtirish inshosi (self-introduction) va tavsiyanomalarga katta e’tibor beriladi. Men TOPIK’dan 4-daraja olganman, lekin IELTS-sertifikatim yo‘q edi. Shunga qaramay, yuqorida sanab o‘tilgan jihatlar kuchli bo‘lmasa, til sertifikatining darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa ham foydasi yo‘q.
Viza olish jarayoni. Grantni qo‘lga kiritganingiz haqida xabar kelgach, vizaga murojaat qilasiz. Hujjatlarni topshirishdan oldin ularni apostil qilish talab etiladi. Dastlab til kursi uchun 6 oylik D-4 vizasi beriladi. Til kursi tugagach, vizani Koreyada turib uzaytirish mumkin.
Viza 4 yilga berilmaydi, odatda 1−2 yilga rasmiylashtiriladi, keyin muddatni uzaytirish uchun qayta ariza topshirish kerak. Menga boshida ikki yillik viza berildi. Bizning universitetimiz vizani o‘zi uzaytiradi, lekin ayrimlarida talabalar hujjatlarni migratsiya xizmatiga o‘zlari topshirishlari kerak bo‘ladi.
Koreya ta’lim tizimi va o‘ziga xos jihatlari
Koreyaning ta’lim tizimi meni doim hayratga soladi. Ayniqsa, o‘zim o‘qiyotgan sohada berilayotgan bilimlarni o‘zlashtirganimda, “qani endi mana shu ma’lumotlar o‘zbek tilida ham xuddi shunaqa o‘rgatilsa”, deb o‘ylayman. Chunki bu tizim mutlaqo boshqacha.
Koreyada darslarni o‘zingiz tanlab, o‘qish jadvalingizni mustaqil tuzasiz. Fakultetda majburiy fanlar va qo‘shimcha fanlar ro‘yxati taqdim etiladi. Qo‘shimcha fanlarni o‘zingiz xohlaganingizcha, majburiy fanlarni belgilangan qoidalarga muvofiq tanlash kerak bo‘ladi.
Masalan, agar dushanba kuni maxsus fanlarim bo‘lmasa, u kunga boshqa dars olmayman va dam olaman. Ko‘pincha juma kunlari majburiy fanlar bo‘lmaydi, shuning uchun bu kunni qo‘shimcha kurs yoki til o‘rganishga bag‘ishlashim mumkin.
Har bir dars 2 yoki 3 balldan hisoblanadi va har semestrda darslar uchun umumiy 18−19 ball ajratiladi. 18 ballni to‘ldirsangiz, boshqa fan ololmay qolasiz. Agar majburiy fanga joy to‘lib qolsa, fakultet ofisiga murojaat qilib, qo‘shimcha joy ochtirish mumkin. Ixtiyoriy fanlarda joy to‘lganda esa, o‘sha fanlarni faqat keyingi semestrda ololasiz.
Baholash tizimi ham o‘ziga xos: baholar 4 ballgacha beriladi va ular A dan F gacha baholanadi.
- A — yaxshi ball.
- F — fandan yiqilganingizni bildiradi.
GKS grantida talabalarning ko‘rsatkichlari kamida 70% bo‘lishi kerak. Agar bu ko‘rsatkichdan past bo‘lsa, uch marta ogohlantiriladi, so‘ng grantdan chetlatiladi.
Mening fakultetim oziq-ovqat va nutrisiologiya sohasiga ixtisoslashgan. Bu sohada kimyo, biologiya va odam anatomiyasi fanlari bilan birga nutrisiologiya bo‘yicha bilimlar beriladi. Vazifalar juda qiyin bo‘lgani uchun zarur bo‘lgan bahoga zo‘rg‘a erishaman.
Foto: shaxsiy arxiv
Talabalarning o‘qishdan tashqari ishlash imkoniyati. Koreyada GKS granti asosida ta’lim oluvchi talabalarga ishlashga ruxsat berilmaydi, chunki grant talabalarning asosiy ehtiyojlarini qoplash uchun aniq hisoblab chiqilgan. Ammo, agar talaba ishlashni xohlasa, bu masala har bir universitetning o‘ziga bog‘liq bo‘ladi. Ishlash uchun universitetdan maxsus ruxsatnoma olinishi shart.
Ruxsat berilgan taqdirda ham talabalarga zavod yoki qurilish kabi qiyin ishlarda faoliyat yuritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ishlash faqat ta’til davrida va haftasiga 20 soatdan oshmagan holda amalga oshirilishi mumkin.
Agar talabaning ruxsatnomasiz ishlayotgani aniqlansa, u migratsiya agentligi tomonidan dastlab ogohlantiriladi. Keyingi bosqichda esa deportatsiya qilinishi mumkin.
Koreyada bitta talaba uchun oylik xarajatlar
Talabalar uchun Koreyadagi oylik xarajatlar har kimning yashash tarziga qarab o‘zgaradi. Umumiy hisobda $1000 dan $1500 gacha, ba’zan $2000 atrofida bo‘lishi mumkin. O‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, stipendiyani tejab ishlatish orqali ehtiyojlarni qolash mumkin.
Oylik asosiy xarajatlar (maksimal miqdorlar asosida):
- ijara to‘lovi: 330 ming von ($227);
- kommunal to‘lov: 50 ming von ($34);
- sug‘urta: 75 ming von ($51) — bu to‘lovni universitet qoplaydi;
- transport: 90 ming von ($62);
- uyali aloqa: 85 ming von ($58).
Universitet yotoqxonani tekin taqdim etgan, lekin vaqtida ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmaganim uchun hozir yotoqxonada emas, ijarada yashayman. Ijara va kommunal to‘lovlarni o‘zim qoplayman. Tejashga harakat qilsam xarajatlarim o‘rtacha $1000 ni tashkil qiladi. Ammo ba’zan, xohlagan narsalarimni sotib olib bemalol yashashni xohlasam, xarajatlarim $1500 yoki undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Koreyaga moslashishda qiyinchiliklar
Koreys tilini o‘rgangan paytimda bu yerning madaniyatini boshqacha tasavvur qilgan ekanman. Koreyaga kelgach, ba’zi narsalar kutilganimdan farqli ekanligini his qildim va “culture shock” (madaniy shok) holatini boshdan kechirdim.
Koreyada ayrim holatlar chet ellik talabalar va koreyslar o‘rtasida farq qilishi ko‘zga tashlanadi. Masalan, ba’zi leksiyalar va tadbirlarda faqat koreys talabalar ishtirok etadi, xorijdan kelganlarga qatnashish imkoniyati berilmaydi. Shuningdek, bank tizimlaridan foydalanishda ham koreyslar onlayn xizmatlardan oson foydalana olishadi, chet elliklar esa bankka borib alohida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.
Koreyada hayot sur’ati O‘zbekistondagidan ancha yuqori. Talabalar ko‘pincha ham o‘qish, ham ishlashga harakat qilishadi, shuning uchun o‘zlariga vaqt ajratishga qiynalishadi. O‘zbekistonga nisbatan Koreyada vaqt juda tez o‘tadi, deb o‘ylayman.
O‘zbekistonlik talabalar uchun BUSA tashkiloti
2022-yilning avgust oyida Koreyada o‘zbek talabalarning moslashuvini osonlashtirish maqsadida “Busan o‘zbek talabalari assotsiatsiyasi“ni tashkil qildik. Bu volontyorlik asosida faoliyat yuritadigan tashkilot bo‘lib, o‘zbek talabalariga ijtimoiy yordam va netvorking imkoniyatlarini taqdim etadi. Dastlab, u “Wayu Korea” qoshida ochilgan.
Assotsiatsiya doirasida tadbirlar, sayohatlar va yig‘ilishlar o‘tkazamiz. Bu orqali talabalar ilm va tajriba almashishi uchun imkon yaratiladi. Tashkilot rasmiy maqomga ega bo‘lib, o‘z ofisimiz va homiylarimiz mavjud. Meni 2024-yilning iyun oyidan dekabrgacha 6 oy muddatga assotsiatsiyaning BUSA ayollar prezidenti etib saylashgan. Ushbu davrda Koreyadagi ayollar uchun ilmiy-ma'rifiy o‘sish, shaxsiy rivojlanish va ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatishga e’tibor qaratishni maqsad qilganman.
Foto: shaxsiy arxiv
Koreyaga endigina kelgan talabalar uchun dastlabki kunlar qiyin kechadi. Assotsiatsiya vatandoshlarimizga ish topish, o‘qishga ro‘yxatdan o‘tish va boshqa muammolarni hal qilishda yaqindan yordam beradi. Bu faoliyat katta mas’uliyat talab qiladi, lekin men uchun juda qiziqarli va foydali.