6-fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston tomonidan adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Konstantin Obolenskiy o‘rtasida “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim” imzolandi.
Bitim doirasida taxminan $182 mln miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan.
Mazkur mablag‘lar 2012-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan edi.
Qayd etilishicha, mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali qaytariladi.
2022-yilda Gulnora Karimovaning $131 mlnlik aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolangan edi. Unga ko‘ra, aktivlarni qaytarish bir nechta prinsiplar asosida amalga oshiriladi.
2023-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning jinoiy ishini mamlakat federal sudiga o‘tkazgandi.
O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi bilan bir qatorda “Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasi sho’ba korxonasi"ning sobiq bosh direktori ham ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular xalqaro jinoiy fitnada qatnashgan (Shveysariya Jinoyat kodeksining 260.3-moddasi).
Bundan tashqari, Karimova va uning sherigi jinoiy daromadlarni legallashtirish (305.2-modda), xorijiy mansabdor shaxslar sifatida pora olish (322.7-modda) va hujjatlarni qalbakilashtirish (251-modda)da ayblanmoqda.
Avvalroq “Spot” Shveysariyaning Lombard Odier banki Gulnora Karimova ishi bo‘yicha pul yuvishda ayblangani haqida yozgandi.
Prokuratura aybloviga ko‘ra, bank Karimovaning gumon qilinayotgan jinoiy faoliyatini yillar davomida yashirishda “hal qiluvchi rol” o‘ynagan.
Shuningdek, Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan “Sijjak” dam olish maskani kasaba uyushmalari federatsiyasiga o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Maydoni 5,38 gektar hududni egallagan mazkur dam olish maskani 2021−2022 yillarda bir necha bor sotuvga qo‘yilgandi.