2024-yilda Toshkent shahrida yer uchastkasi qiymati va ijara to‘lovlari kamaydi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan o‘tgan yilning to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori tahlilida keltirilgan.
Birlamchi bozorda narxlar o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, so‘mda 11,4% ga, dollarda 6,7% ga oshdi. Ikkilamchi uy-joylar narxi nisbatan past sur’atlarda o‘sdi: uy-joylarni qayta sotishning so‘mdagi indeksi 6,3% ga, dollardagi indeksi 1,8% ga ko‘tarildi.
Markaziy bank birlamchi bozorda narxlarning ikkilamchi bozorga nisbatan yuqori o‘sishining saqlanib qolishi aholining yangi uy-joylarga bo‘lgan katta ehtiyojini aks ettirishi bilan izohladi. Masalan, 2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratishda birlamchi bozor ulushi 59% dan 66% ga oshgan.
O‘z navbatida, mamlakatda ijara to‘lovlarining o‘sish sur’atlari 2024-yil davomida pasayish tendensiyasini saqlab qoldi. Xususan, Toshkentda ijara to‘lovlari pasayishda davom etdi (milliy valyutada — 8,2%).
Boshqa hududlarda regulyator turli yo‘nalishdagi narx tendensiyalarini qayd etdi. To‘rtinchi chorakda narxlarning o‘sishi, 2024-yilning birinchi yarmida pasaygandan so‘ng, Toshkent (so‘m indeksi 7% ga oshdi), Samarqand va Navoiy viloyatlarida (+3,4% dan) qayd etildi.
Shuningdek, Farg‘ona (-3,5%) va Buxoro viloyatlarida (-5,4%) ham shunga o‘xshash tendensiyalar kuzatilgan, biroq yil yakuniga ko‘ra, har ikki viloyatda narxlar o‘tgan yilgi darajadan past shakllangan. Bundan tashqari, Xorazm viloyatida uy-joy ijarasi sezilarli darajada oshdi (+21,5%).
“Ijara to‘lovlari o‘sishining sekinlashishi ham taklifning o‘sishi sharoitida talabning maqbullashishini aks ettiradi. Shu bilan birga, to‘rtinchi chorakda hududlarda ijara taklifi mavsumiy omillarning shakllanishi ta’sirida pasaygan, ammo o‘tgan yilgi darajadan yuqori bo‘lgan”, — deyiladi hisobotda.
Toshkent shahrida yer uchastkalari segmentida 1 sotix yerning qiymati o‘tgan yili 352 mln so‘mni tashkil etdi, bu oldingi yilgi qiymatlardan 2,9% ga past. 2024-yilning birinchi yarmida yer narxi pasaygan bo‘lsa, ikkinchi yarmida — avgust boshlab barqarorlashdi.
Lekin, poytaxtda yer narxi boshqa hududlarga nisbatan ancha qimmat. Masalan, Toshkentdagi bir sotix yer narxi Toshkent viloyatidagi yer uchastkasi narxidan (100 mln so‘m) 3,5 baravar yuqori.
Hududiy nomutanosibliklarni boshqa ko‘rsatkichlarda ham ko‘rish mumkin. Masalan, poytaxt hamda Toshkent va Samarqand viloyatlari o‘rtasidagi ikkilamchi uy-joylar qiymatidagi tafovut mos ravishda 1,8 va 1,5 barobarni tashkil etadi.
Avvalroq 2024-yilda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar soni kamaygani haqida xabar berilgandi.