2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti hajmi 500 trln so‘mdan oshdi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida keltirilgan.

Xususan, kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 505,65 trln so‘mni (taxminan $40 mlrd) tashkil etdi va uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 34,8% ga yetdi. O‘tgan yili O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 6,5% ga — 1,45 kvadrillion so‘m ($115 mlrd) gacha oshdi.

Kuzatilmaydigan iqtisodiyot norasmiy va yashirin iqtisodiyotga bo‘linadi. Shundan norasmiy iqtisodiyot hajmi 383,64 trln so‘mga (YIMdagi ulushi 26,4%), yashirin iqtisodiyot esa 122 trln so‘mga (8,4%) teng bo‘ldi.

Kuzatilmaydigan iqtisodiyot ko‘rsatkichi bo‘yicha tarmoqlar tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qilmoqda — jami hajmga nisbatan 63,6%.

Unda keyingi o‘rinlarda qurilish (41,3%) va xizmatlar sohasi (40,1%) turibdi. Sanoat tarkibida esa kuzatilmaydigan iqtisodiyot 9% dan kamroqni tashkil etdi.

2023-yilning sentabr oyida ekspertlar tomonidan yashirin iqtisodiyot hajmi $32 mlrdga (YIMning qariyb 40%i) baholandi. Asosiy tarkibiy qismlar uy-joy va transport vositalarining ikkilamchi bozori, qishloq xo‘jaligi, norasmiy savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidir.

Yil yakuniga kelib, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun naqd pul muomalasini qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlanganini ma’lum qildi. Bunda ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash nazarda tutilgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda “yashirin” iqtisodiyot hajmi 100 trln so‘mga yaqinlashgan, uning 80%i xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri kelgan.

2024-yil boshida prezident yashirin iqtisodiyotdan YIMga 135 trln so‘m, budjetga 30 trln so‘m tushum yo‘qotilganini qayd etdi. Masalan, qurilish korxonalarining 41%i hisobotida faqat 1 ta ishchisini ko‘rsatgan.

O‘tgan yilning iyul oyida Bosh prokuratura yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun “Telegram"-bot ishlab chiqdi. U orqali huquqbuzarliklar bo‘yicha shikoyatlar, muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflar qabul qilinadi.

Oktabr oyi o‘rtalarida Bosh prokuror o‘rinbosari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Shamsiddin Sohibnazarov yil boshidan buyon qariyb 10 trln so‘m “soya"dan chiqarilganini ma’lum qilgandi.

Dekabrda esa Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 2030-yilga borib O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmini 2 barobarga qisqartirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. 2025-yilda iqtisodiyotni “soya"dan chiqarish hisobiga budjet 20 trln so‘mga to‘ldiriladi.

Avvalroq minimal iste’mol xarajatlari miqdori 669 ming so‘mgacha oshgani haqida xabar berilgandi.