Fransiyada qo‘lga olingan “Telegram” asoschilaridan biri Pavel Durovning ishi kamida bir yildan keyin sudga yetkaziladi. Bu haqda prokuratura vakili Meylis de Rekka tayanib “Wired” portali xabar berdi.

Unga ko‘ra, sud bo‘lib o‘tguniga qadar “bir yil yoki undan ko‘proq vaqt” o‘tishi mumkin. Suhbatda de Rek, shuningdek, hozirda Durovning Fransiya hokimiyati bilan ehtimoliy kelishuv bitimining biron-bir tafsilotlarini muhokama qilish uchun “juda erta” ekanligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan, “Wired” shunday xulosaga kelmoqdaki, tadbirkor uzoq vaqt davomida “Fransiyada qolib ketishi” ehtimoli yuqori.

Bu vaziyatda Telegram “noaniq holatda” qolgan, chunki Durovning kompaniya rahbari lavozimidagi o‘rnini bosuvchi nomzodni qidirishni boshlash kerakmi yoki yo‘qligini aniq bilmayapti.

“Agence France-Presse” nashrining xabariga ko‘ra, 2024-yil 6-dekabrda Pavel Durov Fransiyada ushlanganidan so‘ng ilk bor Parij sudiga kelgan.

U messenjer orqali amalga oshirilgan jinoiy faoliyatga ehtimoliy aloqadorligi bo‘yicha ishning mohiyati yuzasidan so‘roq qilingan. Ta’kidlanishicha, tadbirkor sud jarayoni va o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar haqida ommaviy axborot vositalariga izoh berishdan bosh tortgan. U faqatgina “Fransiya adolat tizimiga ishonch bildirishi"ni aytish bilan cheklangan.

2024-yil 24-avgust kuni Pavel Durov Fransiya politsiyasi tomonidan Parij aeroportida qo‘lga olindi. Parij prokuraturasi unga nisbatan noqonuniy tranzaksiya uchun onlayn platforma yaratish, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish kabi ayblovlarni qo‘ydi.

“Telegram” jamoasi Durovning hibsga olinishiga izoh berib, messenjer Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga amal qilishini hamda uning moderatsiyasi sanoat standartlariga javob berishini qayd etdi.

Avgust oyi oxirida Parij sudi tadbirkorni garov evaziga ozod etdi. Durov sud nazoratiga olinib, unga Fransiyani tark etish taqiqlandi. “Telegram” asoschisi, shuningdek, 5 mln yevro miqdorida garov puli to‘lashi va haftasiga ikki marta politsiyaga kelishi kerak.

6-sentabr kuni Durov birinchi marta hibsga olinishi bo‘yicha izoh berib, u boshqarayotgan platformada uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda ayblanishini xato yondashuv deya qayd etdi.


Avvalroq Pavel Durovning maoshi yiliga $0,27ni tashkil etishi haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, daromad to‘g‘risidagi ma’lumotlar Durovning garov puli miqdorini aniqlash uchun ishlatilgan. Tadbirkorning boyligi $9−15,5 mlrdga baholanmoqda.