Saudiya Arabistoni mart oyida Osiyo va Yevropa davlatlari xaridorlari uchun neft narxini keskin oshiradi. Bu haqda “Bloomnerg” nashri xabar berdi.
Osiyoga yetkazib beriladigan asosiy nav — Arab Light narxi bir barrel uchun $2,4ga ko‘tariladi. Bu 2022-yil avgust oyidan buyon eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichidir.
Natijada, ushbu nav Ummon/Dubay neft savatidan bir barrel uchun 3,9 dollar qimmatroq bo‘ladi, deya xabar bermoqda Saudi Aramco davlat kompaniyasi.
Shimoliy-G‘arbiy Yevropa va O‘rta yer dengizi davlatlari uchun narxlar bir barrel uchun $3,2ga, AQSh xaridorlari uchun esa bir barrel uchun $0,1−0,3ga oshiriladi.
2024-yil noyabrida OPEK+ davlatlari neft qazib olishni qisqartirishni dekabr oxirigacha uzaytirishga kelishib oldilar.
Saudiya Arabistoni, Rossiya, Iroq, BAA, Quvayt, Qozog‘iston, Jazoir va Ummon 2024-yil dekabr oyining oxirigacha neft qazib olish hajmini sutkasiga 2,2 mln barrelgacha (b/s) cheklashni davom ettiradi.
Shuningdek, mamlakatlar 2025-yil sentabrgacha 2024-yil yanvardan boshlab rejaga muvofiq ortiqcha ishlab chiqarish hajmini qoplash niyatida ekanliklarini ma’lum qilishdi, deyiladi OPEK saytida.
Avvalroq “Spot” AQShning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari fonida neft narxi oshayotgani haqida yozgandi.
Narxlar 10-yanvarda e’lon qilinganidan buyon “Brent” neftining narxi deyarli 4%ga o‘sib, to‘rt oydan beri birinchi marta bir barrel uchun $81dan yuqoriga ko‘tarildi.