Ispaniya hukumati ish haqlarini kamaytirmasdan standart ish haftasini 40 soatdan 37,5 soatga qisqartirishni ma’qulladi, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri.

Qaror 4-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida qabul qilingan, biroq u kuchga kirishi uchun parlament tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Islohot tashabbuskori Ispaniya Bosh vaziri o‘rinbosari va bandlik vaziri Yolanda Dias bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, bu fuqarolarning turmush sifatini va iqtisodiyot samaradorligini oshiradi.

Ammo yirik ish beruvchilar xarajatlarning ko‘payishi va raqobatbardoshlikning pasayishidan xavotirlanib, bu tashabbusga qarshi chiqmoqdalar.

Kataloniyaning Junts ajralishchi partiyasi ham islohotni qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi, eng yirik ish beruvchilar uyushmasi CEOE esa masalani kompaniyalar va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi jamoaviy muzokaralarga havola etishga chaqirdi.

Ispaniya hukumatining iqtisodiy qismi o‘zgarishlar inflyatsiyani tezlashtirishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishini sekinlashtirishi mumkinligi haqida tashvish bildirmoqda.

Iqtisodiyot vaziri Karlos Kuerpo kichik biznesga moslashish uchun vaqt berish maqsadida ish haftasini qisqartirishni bir yilga kechiktirishni taklif etgan.

Biroq, kelishmovchiliklarga qaramay, hukumat kuchli iqtisodiy o‘sish, inflyatsiya pasayishi va so‘nggi 16 yil ichidagi eng past ishsizlik darajasi sharoitida islohotni amalga oshirishga qaror qildi.

Dunyodagi to‘rt kunlik ish haftasi

Tokioda tug‘ilish darajasini oshirish uchun to‘rt kunlik ish haftasi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Farzandlari maktabning quyi sinflarida o‘qiyotgan ota-onalar qisqartirilgan ish kunini tanlashlari mumkin bo‘ladi.

Yaqinda Islandiyada ish haqini saqlab qolgan holda qisqartirilgan ish haftasi ijobiy natija ko‘rsatdi. Xodimlar ish jadvalidan ko‘proq mamnunlik va shaxsiy hayotlarida stressning kamayganini ta’kidladilar.

Xuddi shunday tajriba oktyabr oyi oxirida Germaniyada yakunlandi, unda dasturda ishtirok etgan kompaniyalarning 73%i to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tdi. O‘tgan yili muvaffaqiyatli sinovdan so‘ng 56ta Britaniya kompaniyasi ham qisqartirilgan ish jadvalini joriy etishga qaror qildi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniyada ming nafar xodim to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tkazildi. Tajriba doirasida ishtirokchilar ish haqini kamaytirmasdan bir kun kam ishlaydilar.

“Spot” O‘zbekistonda to‘rt kunlik ish haftasini joriy etish imkoniyati haqida biznes vakillari fikrlarini keltirdi.