2024-yilda oltinga bo‘lgan global talab rekord darajaga — 4 974 tonnaga yetdi, bu oldingi yilga nisbatan 1% ga ko‘pdir. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ning yillik hisobotida keltirilgan.

Markaziy banklarning faol xaridlari va investorlarning yuqori qiziqishi o‘sishning asosiy “drayveri” bo‘ldi. Kengash ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bankining sof oltin xarid qilish hajmi 11 tonnani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bilan mamlakat dunyoda to‘qqizinchi o‘rinda turibdi.

Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlaridagi yuqori qazib olish hisobiga O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish hajmi 8% ga oshdi.

Shuningdek, noyabr oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki Polsha bilan birgalikda dunyodagi ikkita asosiy oltin xaridorlaridan biriga aylandi. WGCda qayd etilishicha, noyabr oyida AQShdagi saylovlardan keyin qimmatbaho metallar narxining pasayishi ayrim markaziy banklarni qo‘shimcha xarid qilishga undagan bo‘lishi mumkin.

Asosiy trendlar

Markaziy banklar ketma-ket uchinchi yil 1 ming tonnadan ortiq oltin sotib oldi. Eng yirik xaridorlar uchligida Polsha (90 tonna), Turkiya (75 tonna) va Hindiston (73 tonna) turibdi.

Investitsiyaga bo‘lgan talab 25% ga o‘sib, 1,18 ming tonnaga yetdi. Quyma va tangalarga bo‘lgan yillik talab barqaror darajada saqlanib qoldi.

2024-yilda oltinning o‘rtacha narxi bir unsiya uchun $2,3 mingni (+23%) tashkil etdi, to‘rtinchi chorakda esa bu bir unsiyasi uchun rekord darajadagi $2,6 mingga yetdi.

Oltin qazib olishning umumiy hajmi 1% ga oshib, 3 661 tonnani tashkil etdi, oltinni qayta ishlash esa 11% ga oshib, 1 370 tonnani ko‘rsatdi. Qimmatbaho metallar taklifi 4 974,5 tonnaga (+1%), talab esa 4 553,7 tonnaga (+1%) oshdi.

oltin, oltin-valyuta zaxiralari, markaziy bank

2025-yil uchun kutilmalar

Mutaxassislar 2025-yilda oltinga bo‘lgan talab yuqori darajada qolishini kutmoqdalar. Markaziy banklar zaxiralarni ko‘paytirishda davom etadi, investorlar esa iqtisodiy beqarorlik sharoitida oltindan himoya aktivi sifatida foydalanadilar. Shu bilan birga, zargarlik buyumlariga bo‘lgan talab yuqori narxlar bosimi ostida qolishi mumkin.

O‘zbekistonda oltin bozoridagi vaziyat ichki makroiqtisodiy omillarga, jumladan, valyuta siyosati, inflyatsiya darajasi va eksport bozorlarining holatiga bog‘liq bo‘ladi. Oltin zaxiralarini mustahkamlash bo‘yicha global trend davom etayotgan sharoitda mamlakat ushbu aktivni jamg‘arish strategiyasini saqlab qolishi mumkin.

Avvalroq O‘zbekistonda oltin quymalari narxi ketma-ket beshinchi kun maksimal darajada yangilangani haqida xabar berilgandi.