“Apple” kelasi hafta iPhone SE 4'ni taqdim etmoqchi. Bu haqda “Bloomberg” Mark Gurmanga tayanib xabar berdi.
Insayderning ta’kidlashicha, kompaniya katta taqdimot marosimlarini o‘tkazmoqchi emas — smartfon haqidagi ma’lumotlar, uning xususiyatlari va narxlari bilan birga, kompaniyaning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Hozirgi kungacha yangi budjetli iPhone qanday nomlanishi noma’lum. Bir nechta taxminlar bor: iPhone SE 4, iPhone SE 2025 yoki iPhone 16E.
Quyida smartfonning kutilayotgan xususiyatlari:
- ekran: iPhone 14'dagidek, 6,1 dyuymli matritsa 60 Gs yangilanish chastotasi va eski “chekka” qirqimi bilan;
- protsessor: Qualcomm o‘rniga “Apple"ning maxsus aloqa chipi bilan iPhone 16'dan olingan A18;
- xotira: 8 GB operativ xotira;
- kamera: bitta asosiy 48 megapikselli modul va old kamera.
Yangi qurilma USB-C portiga va FaceID qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘ladi. Bu iPhone turkumidagi Home tugmachalari va Touch ID skanerlarining davri tugaganini anglatadi.
8 GB tezkor xotira mavjudligi tufayli keyingi iPhone SE hatto oddiy iPhone 15'da ham bo‘lmagan “Apple Intelligence” sun’iy intellekt funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Tahlilchilarning taxminiga ko‘ra, iPhone SE 4 narxi $429 atrofida bo‘ladi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, iPhone SE 4 11-fevral kuni yangi PowerBeats Pro 2 quloqchinlari bilan bir vaqtda taqdim etiladi.
Avvalroq “Spot” “Apple” dunyodagi eng qimmat brendlar reytingida yetakchi bo‘lib qolayotgani haqida yozgandi. Undan keyingi o‘rinda “Microsoft” va “Google” kompaniyalari turibdi.