O‘zbekistonda mahalliy avtomobillar uchun avtokredit berishda chegirmalar hisobga olinishi mumkin. Bu haqda 7-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Xizmatlar ko‘lamini kengaytirish uchun taksi agregatorlaridan biri 2 mingta avtomobil kreditiga kafil bo‘lib, 4 ming odamni ish bilan ta’minlash taklifini bildirgan.

Buning hisobiga yangi zamonaviy taksilar ko‘payishi kutilmoqda. Bunday loyihalarga banklar 1 trln so‘m kredit ajratishga tayyorligi qayd etildi.

Shuningdek, ko‘plab avtosalonlar avtomobil xaridi uchun pul to‘liq to‘lansa chegirma bermoqda. Lekin amaldagi qoidalarga ko‘ra, kreditga beriladigan avtomashina uchun bu chegirmani banklar qabul qilmaydi.

“Vaholanki, banklarga chegirma qabul qilishga ruxsat berilsa, kredit stavkasi 4% ga arzonlashadi”, — dedi davlat rahbari.

Prezident bu cheklovni mahalliy avtomashinalar uchun bekor qilish muhimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, 2025-yilda transport xizmatlari hajmini 15% ga oshirib, 185 trln so‘mga yetkazish, eksportini esa $2,2 mlrdga olib chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Avtokreditlashdagi cheklovlar

2023-yilning sentabr oyida Markaziy bank banklarga avtokreditlar ajratish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Banklar kredit portfelidagi avtomobil sotib olish uchun qarzlarning ulushi kreditlar konsentratsiyasi bilan bog‘liq risklar tufayli 25% dan oshmasligi kerak.

O‘tgan yilning 1-iyulidan regulyator aholiga kreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Kredit bo‘yicha o‘rtacha to‘lovlarning qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadiga nisbati orqali hisoblanadigan qarz yuki ko‘rsatkichi joriy qilindi.

Bu jismoniy shaxslarga mikrokredit berishda allaqachon qo‘llaniladi. Mikroqarzlar berish kredit oluvchining daromadi miqdorining yarmi bilan cheklandi.

Bundan tashqari, Markaziy bank fuqarolarga ipoteka va avtokreditlar berish bo‘yicha yangi talablarni tasdiqlagan. Qarz oluvchilarning kredit riskini baholashda qo‘shimcha ko‘rsatkich — “kredit/garov” koeffitsiyenti hisobga olinadi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning to‘qqiz oyida fuqarolarga 12,79 trln so‘mlik avtokreditlar ajratilgan bo‘lib, bu oldingi yilning mos davriga nisbatan 2,36 barobar kam. Sentabr avtokreditlash 2022-yil fevral oyidan beri eng past darajaga yetdi. Uchinchi chorakda ko‘rsatkich 2023-yilning xuddi shu vaqti bilan taqqqoslaganda, uch baravardan ko‘proq kamaydi.

MHTI kreditlashning pasayishi fonida avtomobil ishlab chiqaruvchilari chegirma va muddatli to‘lovlarni joriy etayotganini qayd etdi. Tahlillar banklar tomonidan ajratilgan avtokreditlar va aholining tasarrufdagi daromadlari avtomobil bozoridagi faollik darajasiga ta’sir etuvchi muhim omillardan biri ekanligini ko‘rsatgan.

Avvalroq 2024-yilda O‘zbekiston $1,28 mlrdlik avtomobillar import qilingani haqida xabar berilgandi. Yetkazib berishning 80%dan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi o‘rinda Janubiy Koreya turibdi.