2024-yilda iste’molchilarga 1 trln so‘mdan ortiq keshbek to‘lab berildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, o‘tgan yilda iste’molchilarga 1 mlrd chek uchun 1 trln so‘mdan ortiq keshbek to‘langan. Shundan 89,2 mlrd so‘mi dekabr oyi uchun berilgan.
To‘langan keshbeklarning eng katta qismi quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda:
- Toshkent shahri — 412,2 mlrd so‘m;
- Toshkent viloyati — 107,1 mlrd so‘m;
- Samarqand viloyati — 93,2 mlrd so‘m;
- Farg‘ona viloyati — 75,6 mlrd so‘m;
- Andijon viloyati — 52 mlrd so‘m.
2022-yil 1-yanvardan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirilgan xarid uchun berilgan cheklar uchun keshbek berila boshlandi.
Qanday cheklarga keshbek qaytarilmaydi
Davlat soliq qo‘mitasi qanday cheklarga keshbek qaytarilmasligi haqida ma’lumot bergan edi.
Quyidagi hollarda keshbek hisoblanmaydi:
- agar chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;
- sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan bo‘lsa.
Avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalari, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov cheklari uchun ham keshbek qaytarilmaydi.
Shu bilan birga shubhali xaridorlar reestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazganda ham keshbek taqdim etilmaydi.
QR-kod orqali qanday qilib keshbekka ega bo‘lish yo‘riqnomasi bilan bu yerda tanishish mumkin.