Banklarga noturar joylarni developerlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olishga ruxsat beriladi. Bu haqda 7-fevral kuni o‘tkazilayotgan prezident raisligidagi videoselektorda ma’lum qilindi.

Unda hamma hududlarda ham xizmatlar birdek rivojlanmayotgani qayd etildi. Masalan, Nukus tumanida o‘tgan yili 363 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 22% ga o‘sgan. Lekin aholisi undan 2 baravar ko‘p bo‘lgan Guliston tumanida xizmatlar hajmi Nukus tumanidan 30 mlrd so‘mga kam.

Yoki, Namangan shahrida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar 13 mln so‘mga ham yetmasligi (Jizzax shahrida — 33 mln so‘m) haliyam “xufiyona iqtisodiyot” yuqoriligidan dalolat berishi qayd etildi.

Nishon, Yangiqo‘rg‘on, Narpayda IT xizmatlari ancha orqadaligi, Samarqand va Yangiyer shahri, Mirzaobod, Mirzacho‘lda moliyaviy xizmatlar hajmi pasaygani, Qarshi shahri, Jomboy, Urgut, Urganch, Uchtepa tumanlarida savdo o‘smayotgani, Farg‘onaning 7 ta tumanida tibbiy xizmatlar hajmi qisqargani tanqid qilindi.

Hamma vazir va hokimlar yangi-yangi xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha har kuni izlanishda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu yilda xizmatlar hajmini 15% ga oshirib, $82 mlrdga, eksportini esa $8,5 mlrdga olib chiqish, sohada 2,5 mln odamni daromadli qilish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda oxirgi uch yilda 3 mingta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi, 38 mln kv metr noturar joylar paydo bo‘lgani qayd etildi.

Developerlarga yangi massivlar hududining 10−15%ini noturar toifaga o‘tkazishga ruxsat berildi. Ular bu mulkni sotishdan, savdo va servis tarmoqlari esa ijaraga yoki lizingga olishdan manfaatdor bo‘lishiga qaramay, ularni bir-biriga bog‘lovchi tizim yo‘qligi aytildi.

Prezident banklarning developerlardan mulklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish va tadbirkorlarga qulay shartlarda ijara yoki lizingga berish taklifi ma’qullanganini bildirdi.

Bu orqali 50 ming kv metrli noturar joylar muomalaga kirib, budjetga 70 mlrd so‘m tushum va 100−150 ming ish o‘rni yaratiladi. Natijada, lizing shartlari ijaraga nisbatan kamida 15−20% arzon bo‘ladi.

Mutasaddilarga developerlar bilan ishlab, noturar joylarni o‘ziga biriktirilgan sohalarda lizingga berish bo‘yicha 4 trillion so‘mlik loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.

Avvalroq 1-iyuldan ulushli qurilishda eskrou-hisobi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Kelasi yildan boshlab qurilishga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish faqat “eskrou” hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.