O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi ketma-ket kamayishdan keyin, yanvar oyida ko‘paydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
1-fevral holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati bir oyda $1,73 mlrdga yoki 4,2% ga oshib, $42,9 mlrdni tashkil etdi. Ularning hajmi eng yuqori qiymatlarga yaqinlashdi.
Oltin zaxiralari qiymati $3,02 mlrdga — $32,03 mlrddan $35,06 mlrdgacha oshib, rekord ko‘rsatkichini yangiladi. Uning fizik hajmi 12,6 mln troy unsiya (391,9 tonna) oshdi.
O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $1,3 mlrdga kamaydi. Ularning hajmi $7,3 mlrdni, shu jumladan, boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlarida $442,3 mlnni hamda xorijiy banklarda $6,75 mlrdni tashkil etdi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati bir oy ichida biroz oshdi — $102,1 mln.
Jahon oltin kengashi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2024-yilda dunyoning eng yirik oltin xaridorlari o‘ntaligiga kirdi. Markaziy bankning sof oltin xaridi hajmi 11 tonnani tashkil etdi. Mamlakatda oltin ishlab chiqarish OKMK va NKMKda qazib olish hajmining oshishi hisobiga 8% ga o‘sdi.
Fevral oyi boshida oltin fyucherslari narxi tarixiy maksimumni yangilab, birinchi marta $2 900 dan oshdi. Bu Xitoyning Amerika tovarlariga javob bojlari e’lon qilganidan keyin xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talab oshishi fonida yuz bergan.
Avvalroq “Citigroup” tahlilchilari oltin narxi uch oyda bir unsiya uchun rekord darajadagi $ 3 mingga yetishini prognoz qilgani haqida xabar berilgandi.