O‘zbekistonda onlayn kredit olish tartibi soddalashtiriladi. Bu haqda 7-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, moliyaviy xizmatlar hajmini 30%ga oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan.

Prezident davlat banklari onlayn xizmatlar, aholi uchun jozibador yangi mahsulotlar yaratishda xususiy banklardan orqada qolib ketayotganini qayd etdi.

Misol uchun, o‘tgan yili xususiy banklarda masofaviy xizmatdan foydalanuvchilar soni 32%ga oshgan bo‘lsa, davlat banklarida bor-yo‘g‘i 13%ga oshgan.

Banklar joriy yilda masofaviy xizmat ko‘rsatishni kamida 30%ga o‘stirishi muhimligi ta’kidlandi. Misol uchun, kadastr, soliq, adliya idoralarining bazasi banklar axborot tizimiga integratsiya qilinsa, garovga qo‘yilgan mulkni notariusga borib, taqiq qo‘yish amaliyoti bekor bo‘ladi.

Mutasaddilarga onlayn kredit olish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qaror ishlab chiqib, kiritish topshirildi.

Avvalroq O‘zbekistonda mahalliy avtomobillar uchun avtokredit berishda chegirmalar hisobga olinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Prezident banklarga chegirma qabul qilishga ruxsat berilsa, kredit stavkasi 4% ga arzonlashishini, cheklovni mahalliy avtomashinalar uchun bekor qilish kerakligini ta’kidladi.