Yoshga doir pensiyani proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining matbuot xizmati xabar berdi.
Quyi palataning Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida nafaqalarni tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq ishlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Xususan, “Davlat boji to‘g‘risida"gi, “Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonunlarga nafaqalarni tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Pensiya yoshiga to‘lgan (erkaklar — 60, ayollar — 55) fuqarolarga yoshga doir pensiyasini ularning murojaatisiz bir kunda proaktiv shaklda tayinlash tartibini joriy etish belgilanmoqda.
Bunda fuqaroning ish staji, ish haqi (to‘langan ijtimoiy soliq summasi) va oila tarkibi (turmush o‘rtog‘i va farzandlari) kabi ma’lumotlari vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan olinadi.
Amalda fuqarolar pensiya yoshiga yetgach, pensiya tayinlashni so‘rab yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, Davlat xizmatlari markaziga va Yagona portali orqali murojaat qiladilar.
Shuningdek, qonun loyihasida fuqaro pensiya yoshiga yetib, mehnat faoliyatini davom ettirish istagini bildirsa, proaktiv shaklda tayinlanadigan yoshga doir pensiyani rad qilish tartibini ham joriy etish nazarda tutilmoqda. Loyiha siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanmoqda.
2023-yilning noyabr oyi boshida qabul qilingan prezident qarori bilan 2025-yilning 1-martidan yoshga doir pensiyalarni avtomatik tarzda, hech qanday hujjatlarsiz tayinlanishi belgilangandi.
O‘tgan yil boshida Yagona portalda pensiya tayinlash uchun onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratildi. Undan hech qanday hujjatlarsiz bepul foydalanish mumkin. “Spot” bu bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.