Toshkentda uch oydan buyon uy-joylar uchun ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlilida keltirilgan.

Institut mutaxassislari tomonidan joriy yilning yanvar oyida poytaxtda taklif etilgan uylarning ijara narxlari Olx.uz platformasidan olingan ochiq ma’lumotlar asosida tahlil qilindi.

Unga ko‘ra, o‘tgan oyda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari dekabr oyiga nisbatan 0,1% ga, to‘liq ta’mirlanganlari uchun esa 0,3% ga arzonlashgan.

Xususan, o‘rtacha ta’mirdagi 1 va 2 xonali uylar uchun narxlar oldingi oyga nisbatan mos ravishda 0,3% va 0,4% ga pasaygan. Biroq 3 va 4 xonali xonadonlar uchun narxlar ko‘tarilgan — mos ravishda 0,1% ga va 0,3% ga.

Mazkur segmentdagi uylar bo‘yicha nisbatan arzon ijara narxlari quyidagi tumanlarda taklif etilgan:

  • Sergeli tumani: 1 xonali — $297, 2 xonali — $355, 3 xonali — $415, 4 xonali — $419;
  • Olmazor tumani: 1 xonali — $293, 2 xonali — $352, 3 xonali — $419, 4 xonali — $493.

Nisbatan qimmat ijara narxlari:

  • Mirobod: 1 xonali — $344, 2 xonali — $512, 3 xonali — $643, 4 xonali — $705;
  • Yakkasaroy: 1 xonali — $383, 2 xonali — $487, 3 xonali — $677, 4 xonali — $722.

Yanvarda to‘liq ta’mirlangan 1 va 3 xonali xonadonlarning o‘rtacha ijara narxi 0,5% ga, 2 xonalilar uchun 0,7% ga pasaygan bo‘lsa, 4 xonalilarniki 0,5%ga oshdi.

To‘liq ta’mirlangan uy-joylarning eng arzon ijara narxlari quyidagi ikkita tumanda qayd etildi:

  • Sergeli tumani: 1 xonali — $321, 2 xonali — $417, 3 xonali — $513, 4 xonali — $641;
  • Uchtepa tumani: 1 xonali — $386, 2 xonali — $450, 3 xonali — $534, 4 xonali — $624.

Eng qimmati esa quyidagi tumanlarda kuzatildi:

  • Mirobod: 1 xonali — $485, 2 xonali — $731, 3 xonali — $1 027, 4 xonali — $1 328;
  • Shayxontohur: 1 xonali — $521, 2 xonali — $732, 3 xonali — $1 093, 4 xonali — $1 381.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ijara to‘lovlarining o‘sish sur’atlari 2024-yilda pasayish tendensiyasini saqlab qoldi. Toshkentda ijara to‘lovlari pasayishda davom etdi — milliy valyutada 8,2%.

Avvalroq 2024-yilda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar soni kamaygani haqida xabar berilgandi.