O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasi 2018-yilga nisbatan 3,5 barobarga yoki $19 mlrddan $65 mlrdga o‘sdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida qayd etildi.
Qo‘shimcha 1,5 mln aholi servis sohasida doimiy daromadga ega bo‘ldi. IT, moliyaviy xizmatlar, turizm, aviatsiya, ta’lim va tibbiyot sohalarida “katta sakrash” bo‘lgani ta’kidlandi.
So‘nggi yetti yilda aholi daromadi va to‘lov qobiliyati 2 karra o‘sgani natijasida aholida yangicha xizmat va servis turlariga talab ortayotgani sabab, vazirlar va hokimlar talabga mos xizmatlarni rivojlantirishi kerakligi qayd etildi. Mutasaddilarda yondashuv har xilligi, birgalikda ishlash yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Xorazmga 6 mln mahalliy va xorijiy sayyoh olib kelish reja qilingan bo‘lsada, Xorazmga haftasiga 52 ta aviareys va 23 ta poyezd qatnovida tashilayotgan yo‘lovchilar yiliga 800 mingdan oshmayapti. Buxoro va Samarqandga kelgan turistlarning ko‘pchiligi Xivaga aviareys bo‘lmagani uchun qaytib ketyapti.
Yetti yilda xususiy klinikalar soni 3 karra oshdi. Ko‘p klinikalar olib kelingan brend tibbiy uskunalarni ro‘yxatdan o‘tkazish 6 oygacha cho‘zilayotganidan norozi bo‘lib, chetdan keladigan uskunalarni soddalashgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish taklifini beryapti.
Joylarda tibbiy laboratoriya ochish uchun tadbirkorlar akkreditatsiyadan o‘tishga oylab vaqt sarflayapti. To‘siqlar juda ko‘p. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir viloyatda 10 nafardan shunday tadbirkorlar bor. Ular $1 mlndan pul tikib, laboratoriya ochishga tayyorligi ta’kidlandi.
Tibbiyot, aviatsiya va energetikada xususiy sektor ishtirokidagi loyihalar $20 mlrddan oshdi. Lekin, ichimlik suvi, kanalizatsiya va yo‘l qurilishida bunday loyihalar deyarli yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Sharoit yaratib berilsa, $1 mlrd sarmoya kiritib, 10 mingta ish o‘rni qilaman, degan mahalliy tadbirkorlar juda ko‘p.
Uch yil oldin 5 ming kv metrdan ortiq savdo va servis obyektlari qurish bo‘yicha imtiyoz berilgan. O‘tgan davrda 209 ta bunday obyektlar qurildi. Lekin, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida bu boradagi ishlar qoniqarsizligi qayd etildi.
So‘nggi to‘rt yilda chorvachilikni rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlaridan $700 mln olib kelindi, bu yil yana $350 mln jalb qilinadi. Natijada kamida 20 mingdan ziyod veterinarga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Birgina Buxoroda 250 nafar veterinarga talab bor. Yil yakunigacha xususiy veterinariya va para-veterinariya xizmati hajmini 5 baravarga oshirish topshirildi.
Avvalroq savdo va xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq imtiyozi 2028-yilgacha uzaytirilishi haqida xabar berilgandi.