Tumanlarda servisni rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Buning uchun hududlarda 1 156 ta “drayver” loyiha tanlab olindi va tasdiqlandi. Bu loyihalar infratuzilmasiga 1 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Bu orqali tadbirkorlar bilan birgalikda joriy yilda 72 ta sohil bo‘yi dam olish maskanlarini ishga tushirish, 62 ta istirohat bog‘larini yangilash, 154 ta uzluksiz ishlaydigan turizm va gastronomik ko‘chalarni tashkil qilish, 364 ta yo‘l bo‘yi va boshqa servis obyektlarini barpo qilish rejalashtirilgan.
Magistral va mahalla ichki yo‘llari yaxshilanmoqda, lekin xizmatlar sohasini rivojlantiradigan tumanlararo yo‘llar masalasi ochiq qolayotgani ta’kidlandi. Endi hokimliklar oldiga 50 ta tumanlararo yo‘l infratuzilmasini yaxshilash vazifasi qo‘yildi.
Ikki yil oldin savdo va xizmatlar sohasidagi korxonalarga ijtimoiy soliq 1% qilib belgilangandi. O‘tgan davrda korxonalar soni 1,5 karra oshib, ulardagi ishchilar 220 mingga ko‘paydi. Ko‘p korxonalar “soya"dan chiqib, oylikni to‘g‘ri ko‘rsatishga o‘tgani hisobiga, ish haqi 3,2 karra ko‘payib, qo‘shimcha 2,1 trln so‘m soliq tushdi.
Ko‘plab tadbirkorlarning imtiyoz muddatini yana uch yilga uzaytirish taklifi ma’qullandi. Endilikda imtiyoz servis korxonalarining kamida 3 mln so‘m oylik oladigan 30 yoshgacha bo‘lgan ishchilariga qo‘llanadi.
Shuningdek, xufiyona faoliyat yuritib, “konvertda” oylik to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan (kunbay, ishbay) mehnat shartnomasini tuzishga ruxsat beriladi.
2024-yilda O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti hajmi $40 mlrd dan oshdi. Tarmoqlar tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qilib, undan keyingi o‘rinlarda qurilish va xizmatlar sohasi turibdi.
Avvalroq mehnat shartnomalari elektron tartibda tuzilishi haqida xabar berilgandi. Hujjat ish beruvchi va xodim o‘rtasida ERI yordamida imzolanishi kerak bo‘ladi.