Ulug‘bek Tavakkalov “Kapitalbank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida xabar berildi.

4-fevral kuni “Kapitalbank” Kuzatuv kengashi boshqaruv tarkibini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilib, unga yangi a’zo sifatida Ulug‘bek Tavakkalov kiritildi. Affillangan shaxslar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritilganligi haqidagi muhim fakt 7-fevral kuni e’lon qilindi.

Boshqaruvi raisining o‘rinbosari sifatida Ulug‘bek Tavakkalov bankning chakana yo‘nalishini strategik rivojlantirish va moliyaviy mahsulotlar yaratishga e’tibor qaratadi.

“Joriy yilda biz xizmatlar sifati masalasiga alohida e’tibor qaratamiz. Ulug‘bekning tajribasi va bilimi bankning rivojlanishi, xizmatlari va imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bozor pozitsiyalarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi. Ishonchim komilki, u yangi lavozimda bank va mijozlar uchun yanada ko‘proq ishlarni amalga oshiradi”, — dedi “Kapitalbank” Kuzatuv kengashi Raisi Maksud Abdusamadov.

Abdusamdovning qo‘shimcha qilishicha, boshqaruv tarkibining sakkiz kishiga kengaytirilishi bankning nazorat funksiyalarini kuchaytirish va asosiy strategik tashabbuslarni tezroq amalga oshirish imkonini beradi

Qayd etilishicha, Ulug‘bek Tavakkalovning tayinlovi Markaziy banki tomonidan tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi.

2024-yil dekabr oyida Ulug‘bek Tavakkalov “Kapitalbank” Kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi lavozimiga tayinlangan edi.

Avvalroq Ulug‘bek Tavakkalov “Madad Invest Bank” boshqaruvi raisi lavozimidan ketgani haqida xabar berilgandi.

25-oktabr kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida Ulug‘bek Tavakkalov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini tomonlar kelishuvi bilan muddatidan oldin bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Uning o‘rniga boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Safarali Raxmatullayev boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Ulug‘bek Tavakkalov “Madad Invest Bank” boshqaruvi raisi etib tayinlangunga qadar 2021-yilning may oyidan buyon “Tenge Bank” boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Undan oldin esa, 2019−2021 yillarda “O‘zsanoatqurilishbank"da boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.


Avvalroq “Spot” Aleksandr Filippovich “Uzum Bank” boshqaruvi raisi lavozimidan ketgani haqida yozgandi.

Uning o‘rniga Markaziy bank bilan kelishilgandan so‘ng Svetlana Xe boshqaruv raisi sifatida tayinlanadi.