Yuk avtomobillari uchun bojxona imtiyozlari 2028-yilgacha uzaytiriladi. Bu haqda 7-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
O‘tgan yili transport xizmatlari 8,6% ga o‘sib, 145 trln so‘mni tashkil qildi. Lekin, yuqori iqtisodiy o‘sish uchun bu yetarli emasligi qayd etildi.
Mahalliy ekspeditorlarni xalqaro tashishdagi ulushini oshirish uchun ular QQS to‘lashdan ozod etildi. Buning hisobiga Transport vazirligi mahalliy korxonalar ulushini bu yil 25% ga, 2026-yilda 50% ga olib chiqishi zarur.
“Yevro-5” va undan yuqori ekologik talabga mos yuk avtomobillari yana 3 yilga bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishi belgilandi.
Xususiy aviakompaniyalar bilan ishlab, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus, Termizga aviaqatnovlarni 2 karra oshirish, bu yil 15 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, aviatsiya xizmatlari hajmini kamida 20% ga oshirish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda Toshkent shahridan Yangiyo‘l, Chinoz va Sirdaryo tumanlariga qatnaydigan elektropoyezd harakatini yo‘lga qo‘yish ishlarini tezlashtirish zarurligi aytildi.
Hozirda temir yo‘l xizmatlari eksportining 50%i tranzit yuk tashishga to‘g‘ri kelmoqda. 2030-yilga borib, uning hajmini 22 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu bois mutasaddilarga 72 ta yo‘l bo‘yi servis obyektlarini qurish uchun avtomobil yo‘llari yoqasidagi bo‘sh yerlarni tadbirkorlarga berib, ishga tushirish topshirildi.
Yirik multimodal logistika markazlari sonini 2 karra ko‘paytirish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilib, ishlarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
O‘zbekistonda 2030-yilgacha Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “Yevro-5” va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomobillar ekspluatatsiyasini bosqichma-bosqich cheklash belgilangan.
Joriy yilgi davlat dasturi loyihasi bilan 2025-yil yakunigacha “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash uchun “barcha kuch va resurslarni safarbar etish” taklif qilinmoqda.