O‘zbekistonda joriiy yil oxirigacha AI-80 rusumli benzinidan voz kechiladi. Bu haqda prezidentning 30-yanvardagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, 2025 yil yakuniga qadar aholini sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotish cheklanadi.
Davlat rahbari 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar etish” bo‘yicha topshiriq berdi.
Farmon loyihasida Yevro-4 ekologik standartidan past bo‘lgan yoqilg‘ini to‘liq taqiqlash haqida so‘z borgan. Masalan, AI-80 benzini Yevro-2 standartiga mos keladi.
Shuningdek, joriy yil oxiriga qadar O‘zbekistonning barcha hududlarida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilgan, avariya va favqulodda vaziyatlar bundan mustasno.
“Keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekofaollar, Ekologik partiya, Ekologiya vazirligi takliflarini” hisobga olgan holda, 2025-yil 1-maydan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanishi topshirildi:
- asbest va sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar ishlab chiqarish;
- teri oshlash va parrandachilik fabrikalari;
- yuqori samarali chang tutuvchi va gaz tozalovchi inshootlar bilan jihozlanmagan holda har qanday turdagi ko‘mirni yoqish;
- qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar va zaharli kimyoviy moddalar mavjud bo‘lgan shisha ishlab chiqarish;
- xavflilik darajasi bo‘yicha I va II toifaga kiritilgan chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.
Bundan tashqari, Ekologiya vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikda 2025-yil 1-oktabrgacha Vazirlar Mahkamasiga yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha, shuningdek yuqori energiya sarflaydigan sohalar bo‘yicha mavjud quvvatlarni bosqichma-bosqich ko‘chirish to‘g‘risida “asosli takliflar” kiritish vazifasi yuklatiladi.
2025-yil 1-noyabrgacha Ekologiya vazirligi plastik chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish uchun maxsus qabul punktlarini tashkil etish va maxsus uskunalarni o‘rnatish yoki utilizatsiya yig‘imini to‘lash orqali plastik chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilishni tashkil etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqadi.
Shuningdek, hujjatda plastik qadoqlar yoki plastik qadoqdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari, shuningdek ularni import qiluvchilar uchun “idishlarni qaytarish” kabi majburiyatlarni joriy etish, fuqarolarga chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus uskunalar orqali topshiriladigan har bir plastik idish uchun haq olish imkoniyatini yaratish nazarda tutilishi lozim.