Vaqt o‘tgani sari ba’zi brendlar rivojlanadi va muvaffaqiyat cho‘qqisiga chiqadi yoki aksincha bozorda mavjud bo‘lgan raqobatga dosh bera olmay faoliyatiga nuqta qo‘yiladi.

Italiyaning “Ferrero” firmasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Kinder Surprise” shirinligi qariyb 50 yildan ortiq bozorda o‘z iste’molchilarni topib, o‘yinchoqlar kolleksiyasini yig‘ishni xush ko‘ruvchilar orasida shuhrat qozongan. Firma bundan tashqari peshtaxtalarda eng talabgir shirinliklardan bo‘lgan “Nutella” pastasi, “Rafaello” konfetlari va “TikTak” kabi mahsulotlarni yaratib bozorga olib kirgan.

“Spot” bu gal “Kinder Surprise"ning yaratilishi va muvaffaqiyat tarixiga nazar tashlaydi. Maqolada kompaniyaning bugungi kungacha qanday shakllangani hamda uning kengayish jarayonlari haqida so‘z boradi.


“Nutella”, “Raffaello"dan “Kinder Surprise"shirinliklari sari

“Kinder” shirinliklari tarixi 40-yillar boshiga borib taqaladi. Hammasi Italiyaning Turin shahridagi Petro Ferrero ismli qandolatchi rafiqasi, ukasi Jovani bilan otasidan qolgan novvoyxonada savdo-sotiq bilan shug‘ullanishidan boshlandi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan qandolatchilik unga ko‘proq yaqin bo‘lgani sabab Petro otasidan qolgan novvoyxonani kichik qandolatchilik do‘koniga aylantiradi.

Hammasi yaxshi kichik do‘konda shirinliklardan daromad yaxshi kelayotgandi, biroq ikkinchi jahon urushi Petro va uning yaqinlarini Italiyaning shimolida joylashgan Alba shahri tomon yetakladi.

Bu yerda ular qaytadan shirinliklar do‘konini ochishdi. Petro afsonaviy “Nutella” pastalarini yaratib, ommaga taqdim qildi va Albadagi eng yaxshi qandolatchisiga aylandi.

ferrero, kinder, kinder surprise

Foto: Kapital. Rasming o‘ng tomonidagi portretda “Rerrero” asoschisi Petro Ferrero tasvirlangan.

1946-yilga kelib esa birinchi “Ferrero” shirinliklar fabrikasi ochildi va odamlar orasida u yerda tayyorlagan shirinliklar haqida ijobiy mish-mishlar avj ola boshladi.

Shundan so‘ng, Petro va uning oilasi brendni rivojlantirish, barqaror mijozlar oqimini ushlab qolish haqida bosh qotira boshlashdi: mahsulot misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatga erishgandi.

1949-yilga kelib kuchli sel toshqini fabrikani yuvib ketishiga bir baxya qoladi: Petro bu voqeaga haddan tashqari tashvishlanishi natijasida yurak bilan bog‘liq muammolar sabab to‘satdan vafotidan etib, biznes uning ukasi Jovanniga o‘tadi.

Aynan Jovanni rahbarlik qilgan davrda oilaviy kompaniya shirinliklar va shokoladlarning jahon ishlab chiqaruvchisi bo‘lish huquqini himoya qilib, boshqa qandolat brendlari bilan raqobatlasha boshladi. Buning natijasida stressni boshidan kechirgan Jovanining sog‘lig‘i yomonlasha boshlaydi va natijada bir necha oy o‘tib u ham olamdan ko‘z yumadi.

ferrero, kinder, kinder surprise

Foto: Ferrero

Biznes esa 24-yoshli Mikele Ferreroga o‘tdi. U yosh bo‘lganligi sababli ham yangilik qilishdan cho‘chimasdi. Aynan uning qiziquvchanligi “Kinder Surprise” shirinligining yaratilishiga sabab bo‘ldi.

Bu shirinlik yaratilishidan avvalroq esa kompaniya “Raffaello”, TikTak" kabi mahsulotlarni ommaga taqdim qilgandi.

Kolleksiyalarning dunyoga kelishi: mashhur ko‘k begemotlar

Aslida o‘sha davr uchun ham “shokoladli konfet ichidagi o‘yinchoq” g‘oyasi yangilik bo‘lmagan: Italiyada qadimgi an’anaga ko‘ra — “Pasxa” bayramlariga kichik sovg‘a bo‘lgan uzunchoq, tuxumsimon ekler shirinliklari pishirilgan. Biroq, Mikele Ferrero bunday shirinlik g‘oyasini o‘z biznesiga olib kirishga qaror qilgan birinchi ishbilarmon bo‘ldi.

Tadbirkor mahsulotni qanday uslubda ishlab chiqarish g‘oyasi haqida bosh qotira boshladi va bu g‘oyani xodimlari bilan bo‘lishdi: ular esa bu shirinlik faqat mavsumiy “Pasxa” bayrami kunlari sotiladi, deb hisoblab uning ustida ishlashni istashmagan. Shundan so‘ng o‘sha yillarda fabrikaga yangi kelgan xodim Vilyam Salichega “tuxumli shirinlik"ni qanday uslubda ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.

ferrero, kinder, kinder surprise

Foto: Food bay

Shunday qilib hamkorlikdagi mehnat natijasida 1974-yilda birinchi “Kinder Surprise” dunyo yuzini ko‘rdi.

Shokoladli tuxumlarning o‘zi ikki qatlamli “Kinder” shokoladi — sutli va oq shokoladdan tayyorlana boshlandi va ichiga sariq plastmassa kapsula — sariq tuxum qo‘yildi, unga o‘yinchoq yashirildi. O‘yinchoqlarining dastlabki kolleksiyalari va ularni yaratish g‘oyasi shveysariyalik dizayner Genri Rotga tegishli hisoblanadi.

Mahsulot sodda va o‘ziga xosligi bilan xaridorlarni o‘ziga jalb qilgan: mayda ehtiyot qisimlaridan yig‘ilgan oddiy o‘yinchoqlardan tashqari, tuxumchalar ichidan kolleksiya haykalchalarini topish ham mumkin bo‘lgan.

Bu haykalchalar qo‘lda bo‘yalib, unga ko‘p kuch va vaqt sarflangan, shuning uchun ular aralash sxema bo‘yicha ishlab chiqarila boshlangan. Misol uchun, afsonaviy begemotlar Ferrero kompaniyasining rivojlanish bo‘limi rahbarining ijodiy fikrlari mahsuli hisoblanadi.

ferrero, kinder, kinder surprise

Foto: Dailymail

1975-yilda uchta seriyadagi haykalchalar chiqarildi: “Hundefiguren (kuchuklar), “Tierfigure (hayvonlar) va “Asteriks.” Dastlabki ikki seriya bir mavzu bilan bog‘langan yigirmaga yaqin turli shakllarni o‘z ichiga oladi. Ikkinchisi haykalchalar to‘plami Panoramiks, Kakofoniks, Vitalstatistika va Asterixning o‘zi kiradi, ular xuddi shu nomdagi komiksning syujetini ifodalaydi.

Ma’lumotlarga qaraganda birinchi mahsulot sotuvga qo‘yilishi bilanoq 1 soat ichida rastalarda qolmagan. 30 yillik faoliyati davomida esa 30 mlrd dona shokoladli tuxum sotilgan.

Mahsulotning ommalashishi: Nima sababdan AQShda an’anaviy “Kinder Surprise"shirinligi taqiqlangan?

Germaniya “Kinder Surprise” eksport qilishni boshlagan birinchi davlat bo‘ldi. 1974-yilda Ferrero kompaniyasi ushbu mamlakatda birinchi xorijiy vakolatxonasini ochdi. Ko‘p o‘tmay, Fransiyada ikkinchi xorijiy ishlab chiqarish ham paydo bo‘ldi, bu kompaniyaning tez kengayishiga turtki bo‘ldi.

Shu bilan bir qatorda ular mahsulotni boshqa davlatlarga ham olib kirish harakatlarini boshlashdi. Bu jarayonda kompaniya iqlimi issiq bo‘lgan mamlakatlar uchun “Kinder Joy” shaklida shirinlikni taqdim etdi: issiqda tuxum qoplamasidagi shokolad erib ketish ehtimoli yuqori bo‘lishi hisobga olingan.

ferrero, kinder, kinder surprise

Foto:Junk food taster

Kompaniya shirinlik nomini mamlakatga qarab o‘zgartirib bordi: Braziliyada “Kinder Surpresa”, Germaniyada “Kinder Uberraschung”, Norvegiyada “Kinderoverraskelse” singari.

Yevropa mamlakatlarida mahsulot iliq qarshi olindi. Biroq AQShda bu mahsulotga cheklov joriy qilingan.

1938-yildan buyon amalda bo‘lgan oziq-ovqat, dori-darmonlar va kosmetika to‘g‘risidagi federal qonunga ko‘ra, qandolat mahsulotlari tarkibida “ozuqaviy bo‘lmagan moddalar” bo‘lishi taqiqlanadi. “Kinder Surprise” shirinligi esa shokolad qobig‘i ichida yashirin o‘yinchoqni o‘z ichiga olgan. Shu sababli ham mahsulot yaratilgandan buyon AQShga olib kirish mumkin emas.

Bundan tashqari, mayda qismlardan iborat yig‘ma o‘yinchoqlar yosh bolalar uchun xavfli deb hisoblangan: yutib yuborishlari mumkin, deb hisoblangan. AQShga “Kinder Surprise"ni sotish maqsadida olib kirganlarga $2500 miqdorida jarima belgilangan. Shunday qilib an’anaviy: sariq tuxum, usti shokolad qoplamali bu mahsulotni Amerika bozoriga olib kirish man etilgan.

ferrero, kinder, kinder surprise

Foto:Umkra

Ammo bu mahsulotning muvaffaqiyatiga hech qanday soya solmadi. 1990−2000-yillar mahsulot misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatga erishgan: o‘yinchoqlarni nafaqat bolalar, balki katta yoshlilar ham to‘plashgan.

Ko‘plab o‘yinchoqlar qo‘lda bo‘yalgan, o‘z “xazina"larini sotishga ahd qilgan kolleksionerlar kamyob nusxalarini $500dan sotishgan. Internet-auksionlarda narxlar €1000gacha ko‘tarilib ketgan. 2007-yil fevral oyida “eBay” kimoshdi savdosida 90 ming donadan iborat “kinder” o‘yinchoqlar to‘plami €30 mingga sotib olingan.

“Kinder"ning bugungi kundagi taqdiri

Zamonga moslashib borayotgan bu mahsulot bugungi kunda sariq qoplama ichidan chiqqan o‘yinchoqlarni jonlantirish maqsadida “Applaydu” ilovasini ishlab chiqgan. Ilova orqali o‘yinchoqlarni jonlantirishdan tashqari, undagi turli ta’lim mashqlarini bajarib bilimlarni kengaytirish ham mumkin.

“Kinder Surprise” o‘zining bir necha turdagi shirinliklarini ham sotuvga chiqargan. Endi u sariq qoplama ichidagi o‘yinchiqlardan tashqari batonlar, sutli shirinliklarning bir necha turlarini ommaga taqdim etmoqda.

ferrero, kinder, kinder surprise

Foto:Dzen

Sotuvdan tushgan mablag’larning bir qismiga kompaniya “Kinder va bolalik quvonchi” xayriya loyihasini amalga oshirib kelmoqda.

Bugungi kunda “Ferrero” Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika, Avstraliya va Janubi-Sharqiy Osiyoda o‘z mahsulotlarini sotib, vakolatxonalarini ochgan. Oilaviy biznesga bugungi kunda uchinchi avlod raxbarlik qilmoqda. Brend “Thorntons”, “Fannie May”, “Butterfinger”, “Eat Natural” va muzqaymoq ishlab chiqaruvchi “Wells Enterprises” kabi yangi brendlarni jalb qilish orqali o‘sishda davom etmoqda.