Toshkent shahrida 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagan MCHJ aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi, IIBB va “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, “K.Y.” MCHJ mas’ul shaxslari korxonaning ishlab chiqarish binosida o‘rnatilgan elektr hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatib, tijorat maqsadida 2 mln kVt•soat elektr energiyasidan o‘g‘irlik yo‘li bilan foydalangan.
Buning natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,7 mlrd so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Buxoro va Toshkent viloyatlarida 4,3 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, fuqarolar issiqxonalarda umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga yashirincha ulanib olgani aniqlangan.