O‘zbekistonda tuproq unumdorligini yaxshilash va yashil hududlarni asrab qolish maqsadida g‘isht o‘rniga muqobil texnologiyalarga o‘tishga ustuvorlik beriladi. Bu haqda 7-fevral kuni prezident farmoni bilan qabul qilingan 2025-yil uchun davlat dasturida belgilangan.

Xususan, 2025-yilning 1-iyulidan ko‘p qavatli uylar massivlaridagi tuproq va yashil qoplamali umumiy foydalanishdagi hududlarni o‘zboshimchalik bilan betonlashtirganlik, qurilma va konstruksiyalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

1-avgustdan boshlab pishgan g‘isht ishlab chiqarishdan muqobil texnologiyalardan keng foydalanishga o‘tish maqsadida devorbop materiallardan (penoblok, gazoblok) keng foydalanuvchi qurilish tashkilotlariga “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik beriladi.

2026-yildan pishgan va xom g‘isht ishlab chiqarishda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi joriy yil uchun belgilangan stavkaga nisbatan 2 baravarga oshiriladi, 2027-yildan esa bosqichma-bosqich qo‘shimcha ravishda oshiriladi. Loyihada uni birdan 10 barobar oshirish ko‘zda tutilgandi.

2027-yildan boshlab yer resurslarini muhofaza qilish va tuproqning unumdor qatlami yo‘qolib ketishining oldini olish uchun qishloq xo‘jaligiga, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, o‘rmon va suv fondi yerlarida tuproq karerlari faoliyati taqiqlanadi.

Shuningdek, ko‘p qavatli turar joylarni loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilishda oqova, yomg‘ir va texnik suvlardan sug‘orishda foydalanish tizimlarini tashkil etish majburiy etib belgilanadi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Savdo-sanoat palatasiga ikki oyda energiya samarador materiallarni mamlakatda ishlab chiqarish hajmini oshirish va ulardan keng foydalanish bo‘yicha dasturni hukumatga kiritish topshirildi.

Avvalroq 2026-yildan past ko‘rsatkichga ega qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliqlar uch baravar oshirilishi haqida xabar berilgandi.