Buyuk Britaniya hukumati “Apple"ni o‘z foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etishga majbur qilishi mumkin. Bu haqda “The Washington Post” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakat maxsus xizmatlari “Apple"dan barcha iCloud foydalanuvchilarining ma’lumotlariga kirish imkonini beruvchi “back door” (ataylab yaratilgan zaiflik) ishlab chiqishni talab qilmoqda.

Bu esa “Apple"ga Britaniya maxsus xizmatlariga bulutga yuklangan har qanday kontentni, shu jumladan shifrlangan kontentni ko‘rish imkoniyatini taqdim etish majburiyatini yuklaydi.

Xabardor manbalardan birining aytishicha, “Apple"ga foydalanuvchilarni ularning akkauntida shifrlash o‘chirib qo‘yilgani haqida ogohlantirish ham taqiqlanadi.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, ichki ishlar vaziri idorasi allaqachon kompaniyaga huquq-tartibot idoralariga ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma yuborgan.

“Apple” buyruqni bajarishning qimmatligi va maxfiylikka xavf tug‘dirishi bahonasida unga e’tiroz bildirishi mumkin. Biroq, apellyatsiya buyruqning kuchga kirishini kechiktira olmaydi.

Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, kompaniya Buyuk Britaniyadagi iCloud saqlash tizimining shifrlash funksiyasini o‘chirib qo‘yishni afzal ko‘radi, biroq butun dunyo foydalanuvchilarining ma’lumotlariga kirish imkoniyatini bermaydi.

“Apple” 2022-yil oxirida iCloud zaxira nusxasini to‘liq shifrlash funksiyasini joriy etdi, biroq bu funksiya kompaniya qurilmalarida avtomatik tarzda faollashtirilmagan. Ushbu funksiya sozlanganidan so‘ng, ma’lumotlarga faqat foydalanuvchining o‘zigina kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Buyuk Britaniya maxsus xizmatlarining fikricha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shifrlash terrorchilar va jinoyatchilarga huquq-tartibot idoralaridan osonroq yashirinish imkonini beradi.


Avvalroq “Spot” “Apple” “Siri” maxfiyligi haqidagi da’voni hal qilish uchun $95 mln to‘lashi haqida yozgandi.

Gap foydalanuvchilar maxfiyligini buzgan deb ta’kidlangan “Siri” ovozli yordamchisi bilan bog‘liq jamoaviy da’voni hal qilish haqida ketmoqda.