Markaziy bank yanvar oyida 10ta bankka nisbatan jarima qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oydagi yig‘ilishlarida 44ta masala ko‘rilib, ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 36ta masala ko‘rib chiqildi.

Shundan 7tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 11tasi yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatdan o‘tkazish hamda 14tasi tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish kabilar hisoblanadi.

O‘tkazilgan o‘rganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 10ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

Markaziy bankning ko‘rsatmalari va qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi uchun 1ta to‘lov tizimi operatori chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Shu bilan birga, “Start Kapital Invest” kredit uyushmasining tugatish ishlari yakunlanganligi munosabati bilan ushbu kredit uyushmasi Kredit uyushmalarining davlat reyestridan chiqarildi.


Avvalroq “Spot” Markaziy bank ustav kapitalini oshirmagan 2 ta bankning aktiv operatsiyalarini cheklagani haqida yozgandi.

2025-yildan banklarning eng kam ustav kapitali 500 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak. Jami 4 ta bank bu talabni bajarmagan.