Prezident farmoni bilan 2025-yil uchun davlat dasturi qabul qilindi. Yil boshida loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingandi.

Hujjat bilan, “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Uning asosiy tamoyillari quyidagilar:

  • aholi orasida sog‘lom ovqatlanish, kunlik yurish va yugurishni targ‘ib qilish;
  • “yashil transportda”, velosipedda harakatlanishni rag‘batlantirish;
  • plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;
  • oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish;
  • suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish;
  • chiqindilarni turlariga qarab saralashni yo‘lga qo‘yish.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligiga joriy yilning 1-iyunigacha “Bir million yashil oila” harakati doirasida platforma ishga tushirish topshirildi.

Platformada ekologik tamoyillarni o‘zining kundalik hayotiga joriy etishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomini berish nazarda tutilgan. Ularga davlat xizmatlaridan foydalanishda 10%, davlat ulushi 50% dan yuqori bo‘lgan banklarda iste’mol kreditini olishda chegirma taqdim etiladi.

Barcha voyaga yetgan a’zolari “Ekofaol fuqaro” maqomini olgan oilalarga “yashil oila” maqomi beriladi. Bu maqomni olganlar esa har yili ochiq tanlov orqali 14 ta elektromobildan birini olishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, aholisining yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlari o‘tkazilib, g‘olib mahallalar jamg‘armasiga 500 mln so‘m ajratiladi.

Mablag‘lar mahallaning ichki infratuzilmasini yaxshilashga, xususan, yo‘llarni ta’mirlash, energotejamkor yoritish uskunalarini o‘rnatish, bolalar maydonchasini qurish, “yashil bog‘” yaratish va o‘rindiqlar o‘rnatish, chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish, chiqindiqutilari va konteynerlarini o‘rnatishga yo‘naltiriladi.

Avvalroq 2026-yildan past ko‘rsatkichga ega qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliqlar uch baravar oshirilishi haqida xabar berilgandi. Tadbirkorlarga ijaraga berilgan yer uchastkasining normativ qiymati va tuproq bonitet bali oshsa, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i miqdori o‘zgarishsiz qoladi.