2024-yilda O‘zbekistonga xorijdan 24,09 mingdan ortiq elektromobil olib kelindi. Bu haqda Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 8 011 taga yoki qariyb 1,5 barobarga oshdi, ularning umumiy qiymati $224,8 mlnni tashkil etdi.

Noyabr oyida o‘zbekistonliklar xorijdan umumiy qiymati $12,6 mlnlik 2 033 ta elektromobil import qilgan. Dekabr oyida oylik import qiymati $9,5 mlnlik 1 872 ta elektromobilgacha sekinlashdi.

Xitoy O‘zbekistonga elektr transportining asosiy yetkazib beruvchisi sifatida yetakchilikni saqlab qolmoqda. O‘tgan yilda mamlakatdan 23 982 ta elektromobil yoki jami miqdorning 99,53%i import qilingan, shundan noyabr-dekabr oylarida 3 900 ta olib kelingan.

Bundan tashqari, kuchli uchlikka Qozog‘iston (51 ta elektromobil) va Gonkong (17 ta elektromobil) kirdi, oktabr oyidan beri ikkala ko‘rsatkich ham o‘zgarmadi. Germaniyaga yana 15 ta, BAAga 13 ta, AQShga 10 ta elektromobil to‘g‘ri keldi.

O‘tgan yili O‘zbekistonga tarixda birinchi marta elektromobillar va gibrid avtomobillar importi benzinli avtomobillardan oshib ketdi. Benzinli avtomobillarning importdagi ulushi 64,4% dan 44,2% ga kamaydi. Shu bilan birga, yetkazib berilgan elektromobillar ulushi 20% dan 32,3% ga, gibrid avtomobillarniki esa 15,3% dan 23,4% ga oshdi.

Avvalroq mamlakatda 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshirilishi haqida xabar berilgandi. Iqtisodchilarning fikricha, bu notarif cheklovlarga qo‘shimcha ravishda joriy etilayotgan boj to‘lovi bo‘lib, Jahon savdo tashkiloti tamoyillariga ziddir.