10-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hududidan o‘tgan magistral quvurdan gaz sizib chiqish oqibatida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Undan keyin Energetika vazirligi matbuot xizmati 1 020 mm diametrli mazur magistral gaz quvurida yuz bergan holatni bartaraf etish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, vazirlik xabarida holat bartaraf etilgunga qadar aholi va ijtimoiy obektlarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida mamlakat hududlaridagi avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor shoxobchalariga vaqtincha cheklov kiritilishi ham bildirilgandi. Biroq, vazirlik xabarning bu qismini olib tashladi.
Undan keyin vazirlik, yana murojaat bilan chiqib, xabardan cheklovlar qismi nima sababdan o‘chirilganiga izoh berdi.
“Qo‘shimcha o‘rganishlardan so‘ng, barcha hududlardagi AGTKShlar avvaldan viloyat hokimliklari bilan kelishilgan tartibda, hozirgi rejimda ishlashda davom etishi belgilandi. Ya’ni, ularning faoliyati hududlardagi talab hamda gaz quvurlaridagi bosimdan kelib chiqqan holda yo‘lga qo‘yiladi”, deyiladi xabarda.
Vazirlik shu bois avval berilgan ma’lumot qayta tahrirlanganini, mazkur masalada biron-bir o‘zgarish bo‘lsa, jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishini qayd etgan.
Fevral oyi boshida “Hududgazta'minot” “UzGasTrade” gaz quvurlaridagi avariya holatini bartaraf etishi sabab, magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi yuzasidan ogohlantirish berganini ma’lum qilgandi. Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini gaz bilan ta’minlash uchun 3-fevral kuni ayrim ulgurji iste’molchilarga cheklovlar kiritildi.
2024-yilning dekabr oyi boshida Energetika vazirligi metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtinchalik cheklov kiritilishini ma’lum qildi. Havo haroratining keskin pasayishi bilan gaz iste’moli keskin oshdi va quvurlardagi bosim pasaydi.
Haydovchilarni qo‘shimcha yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun tovar-xom ashyo birjasi savdolariga chiqariladigan benzin hajmi vatqinchalik ikki baravarga oshirildi. Energetika vazirligi talab va taklifdan kelib chiqib, taklif hajmini qo‘shimcha oshirish mumkinligini ta’kidladi.
Oy oxirigia kelib, metan “zapravka"lar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar olib tashlanishi mumkinligi xabar berildi. Energetika vazirligi matbuot kotibi quvurlardagi tabiiy gaz bosimidan kelib chiqib belgilanishini bildirdi. Undan keyin cheklovlar yumshatila boshlandi.
Avvalroq Qoraqalpog‘istondagi AGTKSh 2,8 mlrd so‘mlik gazni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi. Jami 1,1 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan bo‘lib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.