Avvalroq prezident farmoni bilan 2025-yil uchun davlat dasturi qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan Toshkentdagi “Green University” ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi kabi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti etib belgilanmoqda.
2025/2026 o‘quv yilidan mazkur oliygohda “sirkulyar iqtisodiyot” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida universitetga biriktiriladigan “yashil texnikumlar” tashkil etiladi.
Tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlaridagi davlat OTMlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani va o‘quv dasturlari kiritilishi belgilandi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlari tayyorlanib, oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilinadi.
Shuningdek, grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirish orqali aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, xizmatlar, tibbiyot kabi sohalarda davlat buyurtmasi 25 mingtaga yetkaziladi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi ta’lim dasturlari asosida ta’lim olish uchun stipendiya tanloviga 20 tagacha kvota ajratib boriladi.
Mamlakatning har bir tuman yoki shahrida bosqichma-bosqich kamida bittadan umumta’lim maktabi faoliyati tashkil etiladi. U inklyuziv ta’lim talablariga javob berishi kerak.
Avvalroq keyingi o‘quv yilidan OTMlarda dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Tizim birinchi bosqichda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3 va 4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi.