Toshkent viloyatidagi 8 ta issiqxona jarimaga tortildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi, Milliy gvardiya va IIV xodimlari bilan birgalikda viloyatdagi 39 ta issiqxonada ekologik nazorat tadbirlarini olib bordi.
8-fevral kuni o‘tkazilgan tungi reydda Toshkent tumanida 13 ta, Qibray tumanida 10 ta, Zangiota tumanida esa 16 ta issiqxona faoliyati o‘rganildi. Ulardan ayrimlarida isitish maqsadida atmosfera havosini ifloslantiruvchi vositalar, xususan, rezina shinalardan foydalanilayotgani aniqlandi.
Natijada Toshkent tumanidagi 1 ta, Qibraydagi 5 ta, Zangiotadagi 2 issiqxonaga nisbatan jarima qo‘llanildi.
Bundan oldin, 4-fevral kuni yuqoridagi uchta tumanda atmosfera havosining ifloslanishi darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan me’yordan ortib ketishi sabablari, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilishi holatlarini aniqlash va ularga chora ko‘rish maqsadida o‘rganish o‘tkazildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati bilan chegaradosh Toshkent halqa avtomobil yo‘lidagi 9 ta nuqtada ko‘chma laboratoriya orqali havoning ifloslanish darajasi tahlil qilinib, PM-2.5, 10 ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan me’yoridan ortiqcha tashlanayotganligi aniqlandi.
Issiqxonalar faoliyati o‘rganilganda, ularni isitish uchun shina, sellofan, parranda go‘ngi va boshqa zararli tutun chiqaruvchi ashyolardan foydalanilishining oldini olish, issiqxonalar dudbo‘ronlariga davlat standartlari talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalari (filtr) o‘rnatish bo‘yicha profilaktik tadbirlar olib borildi.
Monitoring davomida havoning ifloslanish darajasi ortib ketgan hududda 357 ta issiqxona o‘rganildi. Shundan 145 tasi Zangiotada, 134 tasi Qibrayda hamda 78 tasi Toshkent tumanida joylashgan. Ulardan 258 tasi faoliyat yuritib, 99 ta issiqxona mavsumiyligi, ya’ni qozonxonasi mavjud bo‘lmaganligi sababli ish faoliyatida emasligi aniqlandi.
Mazkur issiqxonalarning 167 tasida bodring va pomidor, 71 tasida gul, 12 tasida ko‘kat va 2 tasida limon hamda 6 tasida boshqa ko‘chatlar yetishtiriladi. 195 ta issiqxona isitish uchun ko‘mirdan, 53 tas issiq suvdan va 9 tasi tabiiy gazdan foydalanishi ma’lum bo‘ldi. 69 ta issiqxonada ekologik ekspertiza xulosalari mavjud, 32 tasida filtrlar o‘rnatilgan.
Nazorat tabdiri davomida dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 27 nafar issiqxona egalariga ma’muriy jarima qo‘llanildi, 33 tasining faoliyatini to‘xtatish yuzasidan da’vo arizalari kiritildi.
Shu bilan birga, 166 ta issiqxona davlat standarti talablariga javob berib, chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatmagan taqdirda, jarimaga tortilishi borasida ogohlantirildi.
Yanvar oyida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qancha tumanlarida dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 37 ta issiqxona egalari jarimaga tortilib, 46 ta issiqxona faoliyati to‘xtatilgandi.