“Meta” kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab ishchi kuchining taxminan 5%ini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Bosh direktor Mark Sukerberg xodimlar uchun yozgan xizmat xatida “keskin yil” arafasida “samarasiz xodimlarni tezroq ishdan bo‘shatish” to‘g‘risida qaror qabul qilgani va kompaniyaning odatiy samaradorlikni boshqarish tizimini tezlashtirishini aytdi.
So‘nggi moliyaviy hisobotga ko‘ra, sentabr oyi oxirida “Meta” butun dunyo bo‘ylab 72 ming kishini ishga olgan, bu esa rejalashtirilgan qisqartirishlar 3600 xodimga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglatadi.
Bu e’lon “Meta” kompaniyasi uchinchi tomon faktchekerlaridan voz kechishi va Donald Tramp Oq uyga qaytishga tayyorgarlik ko‘rayotgani sababli so‘z erkinligiga ustuvor ahamiyat berishini ma’lum qilganidan so‘ng bir necha kun o‘tib e’lon qilindi. Shuningdek, kompaniya o‘zining xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik (DEI) dasturlarini to‘xtatishini ham bildirdi.
AQShdagi “Meta” xodimlaridan qisqartirishlarga duch kelganlari 10-fevralgacha xabardor qilinishi, boshqa mamlakatlardagi xodimlar esa bu ma’lumotni keyinroq olishi kutilmoqda.
“Samaradorlikni boshqarish mezonlarini yuqori darajaga ko‘tarishga qaror qildim”, deya xabar bergan Sukerberg xizmat xatida.
“Odatda, bir yil ichida kutilgan natijalarni ko‘rsata olmagan xodimlarni ishdan bo‘shatamiz, lekin endi biz ushbu davr mobaynida erishilgan natijalarga asoslanib, yanada keng ko‘lamli qisqartirishlarni amalga oshirmoqchimiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Sukerbergning ta’kidlashicha, kompaniya avvalgi qisqartirishlardagi kabi ishini yo‘qotadigan xodimlarga “saxiy ishdan bo‘shatish nafaqasini taqdim etadi”.
Avvalroq “Spot” “Meta” Trampning “Facebook” va “Instagram” akkauntlarini bloklaganligi uchun $25 mln to‘lashi haqida yozgandi.
Kompaniya kelishuv doirasida Tramp prezidentlik kutubxonasi qurilishini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga $22 mln, qolgan to‘rtta da’vogarga $3 mln to‘laydi.