Namangan viloyatida 579,7 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan oilaviy korxona fosh etildi.

“O‘zenergoinspeksiya” Namangan viloyat boshqarmasi va gaz ta’minoti korxonasi bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan.

Unda To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “A.A.S.B” oilaviy korxonasiga qarashli oshxonada gaz ta’minoti bilan shartnoma tuzmasdan o‘zboshimchalik bilan tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelayotganligi aniqlandi.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 579,7 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.


Avvalroq “Spot” Buxoro va Toshkent viloyatlarida 4,3 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, fuqarolar issiqxonalarda umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga yashirincha ulanib olgani aniqlangan.