7-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida banklarga noturar joylarni developerlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olishga ruxsat berilishi ma’lum qilingandi.
Unda prezident “O‘zmilliybank” boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatovning bank investitsiya kompaniyasi (gap “NBU Invest Group” haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin) orqali 500 mlrd so‘m pul tikib, tijorat ko‘chmas mulkini developerlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish va uni tadbirkorlarga qulay shartlarda ijara yoki lizingga berish rejalari haqida so‘z yuritdi.
Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetovga quruvchilar bilan birgalikda bo‘sh turgan noturar joylarni lizingga berish bo‘yicha 4 trln so‘mlik loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
“O‘zmilliybank” rahbari Alisher Mirsoatov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezident davlat bankiga xizmat ko‘rsatish sohasida 3 mln nafar aholining bandligini ta’minlash vazifasini belgilab berganini, ularning yarmi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelishini qayd etdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda xizmatlar sohasi o‘sishi sekinlashgan, xususan, 10% dan past bo‘lgan 19 ta tumanda ko‘rsatkich o‘sishini ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
Joriy yilda xizmatlar sohasiga 67 trln so‘m mablag‘ ajratilishi va 75,3 mingta loyiha moliyalashtirilishi rejalashtirilgan. Mirsoatov bu loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish bo‘yicha “O‘zmilliybank"ga “maxsus topshiriqlar” berilganini ta’kidladi.
“Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida joylashgan noturar joylarda savdo va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish uchun bankka xizmat ipotekasini joriy etish bo‘yicha ham alohida topshiriq berildi. Bu yo‘nalishga bank 500 mlrd so‘m ajratadi va 150 ming odamning bandligini ta’minlaydi”, — dedi “O‘zmilliybank” raisi.
Banklarga developerlardan mulklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olishga ruxsat berilishi natijasida 50 ming kv.metr noturar joylarni muomalaga kiritish va 100−150 mingta ish o‘rnini yaratish mumkin. Shu bilan birga, budjetga 70 mlrd so‘m tushum ta’minlanadi. Lizing shartlari ijaraga nisbatan kamida 15−20% arzon bo‘ladi.