6-fevral kuni prezident tomonidan qabul qilingan qaror bilan bir qator neft mahsulotlariga eksport imtiyozlarini qo‘llash belgilandi.
Hujjat bilan 2017-yilda joriy etilgan eksportning soddalashtirilgan tartibi tatbiq etilmaydigan tovarlar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu tartib tovarlarni oldindan haq to‘lanmasdan, akkreditiv ochilmasdan, bank kafolatisiz yoki eksport kontraktini sug‘urta qilmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish bo‘yicha imtiyozlarni nazarda tutadi.
Ro‘yxatdan avtomobil benzinining barcha turlari (TIF TN kodlari 2710 12 4100 — 2710 12 5900), kerosindan tashqari o‘rta neft distillatlari (2710 19 290 0), motor moylari (2710 19 820 0), gidravlik suyuqliklar (2710 19 840 0), shesternalar va reduktorlar uchun moylar (2710 19 880 0) chiqarib tashlanadi. Ya’ni, ularga nisbatan soddalashtirilgan eksport tartibi qo‘llaniladi.
O‘rta neft distillatlariga ligroin, kerosin va dizel fraksiyalari kiradi. Yangi qaror bilan dizel yoqilg‘isi, pech yoqilg‘isi, transmissiya moyi hamda kerosin asosidagi tozalash vositalari kabilar qamrab olinadi.
Qayd etilishicha, bundan transport vositalari uchun moylash materiallari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini va eksport hajmlarini oshirish maqsad qilingan.
Avvalroq prezident yil oxirigacha O‘zbekistonda AI-80 benzini savdosini cheklash bo‘yicha topshiriq bergani ma’lum qilingandi.