7-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida savdo va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar uchun ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyoz uch yilga uzaytirilishi ma’lum qilingandi.

“Korzinka” supermarketlari tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov o‘zining “Telegram"-kanalida yig‘ilish yuzasidan munosabat bildirib, savdo va servis sohasidagi tadbirkorlar uchun “yaxshi xushxabarlar” borligini, “katta strategik rejalashtirish va rivojlantirish jarayoni” muhokama qilinganini ma’lum qildi.

Tadbirkor savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun 2024-yilning 31-dekabriga qadar amal qilgan ijtimoiy soliq bo‘yicha 1%lik imtiyoz o‘z samarasini berganini hamda ijobiy ko‘rsatkichlar natijasida uning amal qilish muddati yana uch yilga uzaytirilganini ta’kidladi.

“Mening fikrimcha, strategiya qurish bo‘yicha xrestomatiyalarda yoziladigan klassik yig‘ilishda qatnashib, o‘zim uchun ko‘p narsa oldim. Ya’ni, strategiya deganda, nafaqat nimani xohlayotganimiz yoki qanday maqsadlar sari harakat qilayotganimiz, balki qadam-baqadam, „qayerda?“, „qachon?“, „nimaning hisobiga?“, „qanday o‘zgarishlar qilinadi?“ va „kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi?“ kabi savollar muhokama qilindi”, — dedi Zafar Hoshimov.

Hoshimov imkoniyat va resurslar sohalar kesimida ko‘rib chiqilganini, xizmat ko‘rsatish va savdo sohalari juda keng ekanligini, katta potensialga egaligini qayd etdi.

Shu bilan birga, savdo va servis sohalari bo‘yicha belgilangan vazifalar qatorida ish o‘rinlari hajmini 2,5 mlndan 3 mlnga olib chiqish, korxonalarni “soya"dan chiqarish hamda aholining xarid qobiliyatini oshirish kabilar bor.

“Bugungi kunda xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanganiga qaramasdan, potensial juda katta. Mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, yig‘ilishda Savdo va servis tadbirkorlar uyushmasini tashkil etish bo‘yicha bildirilgan tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlandi”, — dedi Zafar Hoshimov.

Tadbirkorning qayd etishicha, mazkur uyushma 10 ta ta’sischi bilan birgalikda tashkil etilgan bo‘lib, uyushma davlat organlari, tadbirkorlar, biznesga kirmoqchi yoki tadbirkorlik subyektlarida xizmat ko‘rsatmoqchi bo‘lganlar uchun “madad, yordam, maslahat va ekspertiza markazi” sifatida xizmat qiladi.

Hoshimov soha ta’lim sohasini ham, kommunal xizmatlarni ham qamrab olishini qayd etdi hamda uni rivojlantirish orqali mamlakatda ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirishga erishilishiga ishonch bildirdi.

Zafar Hoshimov Chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uyushmasi raisi sifatida tanishtirilgan “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yangi uyushma ta’sischilariga qarashli kompaniyalarda 50 ming kishi ish bilan ta’minlanganini aytdi.

“Korzinka” asoschisining ta’kidlashicha, Chakana savdo va umumiy ovqatlanish uyushmasi a’zolari hududlarga tashriflar tashkil etib, soha vakillarini unga jalb qiladi hamda tadbirkorlarga o‘z tajriba va bilimlari bilan birga, kompaniyalarini ochishga hissa qo‘shadilar.

2022-yilda savdo va xizmatlar sohasidagi korxonalarga ijtimoiy soliq 1% qilib belgilandi. Buning natijasida korxonalar soni 1,5 baravarga, ishchilari soni 220 mingga ko‘paydi. Ko‘p korxonalar “soya"dan chiqib, oylikni to‘g‘ri ko‘rsatishga o‘tgani hisobiga, ish haqi 3,2 karra ko‘payib, qo‘shimcha 2,1 trln so‘m soliq tushdi.

Endi imtiyoz servis korxonalarining kamida 3 mln so‘m oylik oladigan 30 yoshgacha bo‘lgan ishchilariga qo‘llanadi. “Konvertda” oylik beruvchi tadbirkorlar nazorati esa kuchaytiriladi.

Avvalroq sotilmagan davlat obyektlari tadbirkorlarga 10 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berilishi ma’lum qilingandi. Ular ijara to‘lovini to‘rt yilgacha vaqtida to‘lasa, joyni xususiylashtirib olishlari mumkin bo‘ladi. IT va chet tili kurslarini tashkil etganlardan esa, birinchi yil ijara to‘lovi olinmaydi.