Bosh prokuraturaga quyosh panellari va suv isitish qurilmalari o‘rnatilishini nazorat qilish topshirildi. Bu haqda 7-fevralda qabul qilingan prezident farmonida belgilandi.
Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish rejasining ijrosini ta’minlash, shuningdek, quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatilishida qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan qat’iy nazoratni amalga oshirishi kerak.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 2025-yilda quyosh panellari va geliokollektorlarni tuman va shaharlar kesimida o‘rnatish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.
Bundan tashqari, vazirlik 2025−2026 yillarda mamlakat hududlarida mikro gidroelektr stansiyalarini qurish dasturini ishlab chiqadi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish uchun 4,5 GVt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyasini ishga tushirish (farmon loyihasida — 3,5 GVt), 785 MVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish va 225 MVt quvvatga ega GESlarni qurish (loyihada — 160 MVt) rejalashtirilgan.
Yanvar oyida “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident 100 mingta obyekt va 150 mingta xonadonda 600 MVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriq bergandi. Bosh prokuratura quyosh panellari va suv isitish qurilmalariga o‘tishni nazorat qiladi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov turar-joy va xo‘jalik binolari tomlarining kamida yarmini quyosh panellari va geliokollektorlar bilan jihozlash rejalarini ma’lum qildi.
O‘tgan yili “Spot” tadbirkorlar bilan elektr energiyasidagi uzilishlar, ularning biznesga salbiy ta’siri hamda quyosh panellarini o‘rnatishga majburlashlar haqida yozgandi, o‘z navbatida, Energetika vazirligi bu amaliyotning qonunchilikka zidligini ta’kidladi.
Avvalroq 2024-yilda fuqarolar quyosh panellari orqali 12 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi sotgani haqida xabar berilgandi. 10 mingdan ortiq fuqarolarga xonadonida ishlab chiqarilgan 12,18 mln kVt/soat elektr energiyasi uchun subsidiya berildi.