Prezident Donald Tramp AQSh moliya vazirligiga 1 sentlik tangalarni zarb qilish qimmatligi sababli chiqarishni to‘xtatishga buyruq bergan.
“Qo‘shma Shtatlar juda uzoq vaqtdan beri bizga har biri 2 sentdan ortiq turadigan penni zarb qilgan. Bu juda isrofgarchilik! Men AQSh moliya vaziriga yangi pennilarni chiqarishni to‘xtatishni buyurdim,” — deb yozdi prezident “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida.
U yana bir bor AQShda budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishini to‘xtatish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Ilon Mask boshchiligidagi AQSh hukumati faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha idora 21-yanvar kuni “X” ijtimoiy tarmog‘ida 1 sentlik bitta tangani ishlab chiqarish “3 sentdan qimmatroq"ka tushishini ma’lum qildi.
Idoraning aniqlashtirishi bo‘yicha, 2023-moliyaviy yilda mamlakatda 4,5 mlrddan ortiq shunday tangalar zarb etilgan. Bu amerikalik soliq to‘lovchilarga $179 mlnga tushgan.
Vashingtonning yangi ma’muriyati ilgari federal budjet xarajatlarini kamaytirish maqsadida bir qator choralarni amalga oshirgan edi.
Tramp Maskni AQS hukumatining samaradorligini oshirish, davlat apparatining haddan tashqari kengayishini oldini olish va byurokratiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idora (Department of Government Efficiency, DOGE) rahbari etib tayinladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, DOGE Oq uy bilan hamkorlikda “tashqi tomondan tavsiya va maslahatlar berish” vazifasini bajaradi.
24-yanvar kuni yangi idora ishning dastlabki 80 soati ichida taxminan $420 mlnlik keraksiz deb topilgan davlat shartnomalarini bekor qilganini ma’lum qildi. Mask AQShning davlat xarajatlarini $2 trlnga qisqartirishni kutmoqda.
Avvalroq “Spot” “Meta” Trampning “Facebook” va “Instagram” akkauntlarini bloklaganligi uchun $25 mln to‘lashi haqida yozgandi.
Kompaniya kelishuv doirasida Tramp prezidentlik kutubxonasi qurilishini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga $22 mln, qolgan to‘rtta da’vogarga $3 mln to‘laydi.